Yuksalishning eng qisqa yoʻli
Bugun barchamiz mustaqil Oʻzbekistonning yangi qiyofasi shakllanayotgan, jamiyatda Harakatlar strategiyasining tamoyillari amalga oshirilayotgan, tom maʼnoda mutlaqo yangi davlat qurilayotgan zamonda yashamoqdamiz.
Albatta, xalq farovonligi, yurt taraqqiyoti yoʻlida qilinayotgan tizimli islohotlar samarasini hammamiz oʻz hayotimiz misolida koʻrib turibmiz. Shu bois ularni yana takrorlashga hojat boʻlmasa kerak. Yangilanayotgan Oʻzbekiston bugun oʻz oldiga shunchaki rivojlanishni emas, balki turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida eng kuchli davlatlar qatoridan oʻrin olishni asosiy maqsad qilib qoʻygan.
Shuning uchun ham davlatimiz rahbari oʻzining parlamentga Murojaatnomasida taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar hamda zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shartligi, bu yuksalishning eng qisqa yoʻlidan borish imkoniyatini berishiga alohida eʼtibor qaratdi.
2020–2025-yillarda Oʻzbekistonda elektron hukumat tizimini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilgani bu boradagi ishlarni tizimli olib borishda muhim ahamiyatga ega. Ushbu konsepsiyadan koʻzlangan strategik maqsad – elektron hukumat tizimining keyingi bosqichiga oʻtish, integratsiyalashgan hukumatni rivojlantirishga koʻmaklashishdir.
Bunda asosiy eʼtibor davlat organlarining axborot tizimlari, axborot resurslari va maʼlumotlar bazalarini joriy etish hamda rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni amalga oshirish, maʼlumotlarni markazlashgan holda saqlash, ishlov berish va almashish tamoyilini taʼminlash, Elektron hukumat tizimi ishtirokchilarining oʻzaro kelishilgan, bir-birini toʻldiruvchi va birlashtirilgan usullari va yondashuvlarini qoʻllashga qaratilgan.
Hozir jahonning turli mamlakatlarida moliyaviy texnologiyalar, yer resurslarini boshqarish, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim sohalarida blokcheyn tizimidan foydalaniladi.
Blokcheyn tizimi har qanday sohaning shaffoflik darajasini oshiradi, korrupsiya holatlarining kamayishiga xizmat qiladi. Umuman olganda, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy soha rivojlanishiga xizmat qilishi qatorida odamlar turmushining keskin yaxshilanishiga olib keladi.
Aytish kerakki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har qanday islohot zamirida birinchi navbatda mustaqillik bergan imkoniyatlar mujassam. Haqiqatan ham, mamlakatimiz hayotining biror-bir jabhasi yoʻqki, unda istiqlol shukuhi sezilmasa, jamiyatimizning biror-bir aʼzosi yoʻqki, uning hayoti, orzu-umidlarida mustaqillik aks etmagan boʻlsa.
Tobora yaqinlashib kelayotgan bu yilgi bayramni davlatimiz rahbarining qaroriga koʻra «Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!» degan gʻoya ostida nishonlash belgilandi. Ushbu gʻoya asosida ishlab chiqilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturi 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturi bilan uygʻun holda tayyorlangani qayd etildi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, istiqbolimizni belgilab bergan mazkur qomusiy hujjatda jamiyatimizning barcha jabhalarida islohotlarni yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan ulugʻ maqsadlar ilgari surilgan va biz ushbu maqsadni amalga oshirish yoʻlidan sobitqadamlik bilan odimlamoqdamiz. Ayniqsa, ushbu strategiyadan kelib chiqib boshlangan amaliy harakatlarni bugun eng chekka qishloq aholisi ham sezmoqda, oʻz hayotidagi oʻzgarishlarda his qilmoqda.
Umuman olganda, mustaqillik bizga bugungidek erkin va baxtli yashash imkonini tuhfa etdi. Ana shunday bir sharoitda Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlashga, uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashga, yurtimizning yana-da taraqqiy etishi hamda xalqimizning bundan-da farovon hayot kechirishi yoʻlida bor kuchimiz hamda salohiyatimizni safarbar etishimiz chin insoniylik burchimizdir. Istiqlolning 29 yilligi barchamizga muborak boʻlsin!
Qahramon ERGASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring