“Yuksalish” umummilliy harakati: Andijonda yuz bergan voqea shuni koʻrsatadiki, sohani rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar yetarli emas! 

08:24 16 Iyun 2020 Jamiyat
1852 0

Kuni kecha andijonlik fuqaro shahar ichki ishlar boʻlimining maʼmuriy binosiga olib kirilganidan ikki hafta oʻtgach, kasalxonada vafot etdi. Jabrlanuvchiga nisbatan jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari tomonidan inson sogʻligʻi va hayoti uchun xavfli boʻlgan zoʻravonlik qoʻllanilgan hamda hibsda noqonuniy ushlab turilgan, deya hodisa yuzasidan munosabat bildirdi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati axborot xizmati maʼlum qildi.

Uch nafar xodimga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki shaxs erkinligini cheklash) va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazo) boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Ayblanuvchilar hibsga olingan.

2020-yil boshidan buyon bu ichki ishlar organlarida mahbuslarga nisbatan qoʻllanilgan qiynoq va zoʻravonlik bilan bogʻliq ikkinchi holatdir. Shu yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Chiroqchi tuman boʻlimida kaltaklanish natijasida 32 yoshli erkak vafot etdi. Ushbu jinoyatlarni sodir etishda gumonlangan Chiroqchi tuman ichki ishlar boʻlimining ikki xodimiga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi, Qashqadaryo viloyati IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari oʻz xohishiga koʻra isteʼfoga chiqdi.

Garchi 2018-yil iyul oyida Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon IIBda sodir etilgan voqeadan soʻng (tezkor xodim tomonidan ayol kishini ommaviy tahqirlanishi — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bu kabi noxush hodisalarni aniqlash va oldini olish, shuningdek, Ichki ishlar organlari safini “nopok va tasodifiy” xodimlardan tozalashga qaratilgan qatʼiy choralar koʻrilishini maʼlum qilgan edi.

Bu holatlar koʻp jihatdan oʻtgan yilning dekabr oyida inson huquqlari, shu jumladan, Oʻzbekistondagi vaziyat boʻyicha oʻz xulosalarni eʼlon qilgan BMTning Qiynoqlarga qarshi qoʻmitasining ham xavotirlanishini tasdiqlaydi. Oʻzbekiston 160 dan ortiq davlatlar qatorida BMTning Qiynoq va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazoga qarshi Konvensiyasining ishtirokchisi hisoblanadi. 2019-yil 28-noyabrda qabul qilingan Oʻzbekiston boʻyicha yakuniy kuzatuvlar konvensiyani amal qilinishining ham ijobiy tomonlarini, ham asosiy muammolarini tavsiflaydi.

Qoʻmita tomonidan bir qator hujjatlarning qabul qilinishi va chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, jumladan “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisidagi”gi qonunlar, “Jasliq” koloniyasining yopilishi, BMTning din yoki eʼtiqod erkinligi hamda sudyalar va advokatlar mustaqilligi boʻyicha maxsus maʼruzachilarning respublikamizga tashriflari yuqori baholandi.

Shu bilan birga, qoʻmita huquqni muhofaza qilish, tergov va jazoni ijro etish organlarining tashabbusi va roziligi bilan jinoiy jarayonda foydalanish uchun aybni tan oldirish yoki maʼlumot olishda qoʻllanilgan qiynoq va gʻayriinsoniy muomalada boʻlish holatlari toʻgʻrisidagi xabarlardan qattiq xavotirda ekanligini bildirdi.

Qoʻmita prokuraturaga kelib tushgan qiynoqqa oid shikoyatlar 2017-yilga nisbatan 2018-yilda 10 baravar ortganiga qaramay, qiynoqqa solganlik uchun amaldorlarga nisbatan qoʻzgʻatilgan ishlar soni mutanosib ravishda ortmaganligidan xavotirda.

“Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq ichki ishlar organlari oʻz vazifalarini fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash orqali amalga oshirishlari belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, qonunda ichki ishlar organi xodimiga qiynoqqa solish, zoʻravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada boʻlish taqiqlanishi, ichki ishlar organining xodimi fuqaroga qasddan ogʻriq, jismoniy yoki maʼnaviy azob yetkaziladigan xatti-harakatlarga chek qoʻyishi shartligi belgilangan.

Bundan tashqari, 2018-yil 4-aprel kuni Prezident tomonidan sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonuni imzolangan edi. Ushbu hujjatning eng muhim oʻzgarishlaridan biri boʻlib huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalada boʻlganlik uchun javobgarlik choralarning kuchaytirilganligi boʻlgan edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2020-yil 1-apreldan boshlab shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etilishi belgilangan edi. Yana shu kundan boshlab huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zimmasiga ular tomonidan shaxs ushlanganidan soʻng uning ushlangani va ushlab turilgan joyi toʻgʻrisida uning oila aʼzolaridan birini, ular boʻlmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish boʻyicha majburiyati yuklanishi belgilangan edi.

Shu maʼnoda tegishli idoralar tomonidan qonunchilikning amaliyotda toʻgʻri va oʻz vaqtida ijro etilishi oʻta dolzarb hisoblanadi. Xususan, “Prokuratura toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, prokuratura idoralari jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi idoralarning qonunlarni ijro etishlarini nazorat qiladi, shuningdek, ushlab turilganlarni, qamoqqa olinganlarni saqlash joylarida, jinoiy jazolar va boshqa jinoyat-huquqiy taʼsir choralarini ijro etish vaqtida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat amalga oshiradi.

Shuningdek, vaqtincha saqlash hibsxonalari va tergov izolyatorlari hamda jazoni ijro etish muassasalarini videokuzatuv vositalari bilan jihozlash muhim ahamiyatga ega. Umuman, barcha ichki ishlar idoralarida tergov harakatlarini audio- va video qayd etish tizimlari orqali olib borish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq.

Andijonda yuz bergan voqea shuni koʻrsatadiki, sohani rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar yetarli emasligi, aksincha huquqni muhofaza qilish organlari tizimini tubdan isloh qilish lozimligi, bunda inson huquqlari va erkinliklariga soʻzsiz rioya qilinishiga, ichki ishlar organlari faoliyatining hisobdorligi va shaffofligini taʼminlashga, shu jumladan, parlament va jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish va eng asosiysi, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlashga alohida urgʻu berish kerakligini taqozo etadi, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер