Yuksak eʼtirof yangi marralarga undaydi
Foto: Xalq so‘zi
Mustaqilligimizning oʻttiz bir yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbari farmonlariga asosan Samarqand viloyatidan ham bir guruh fidoyilar faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi.

Viloyat hokimligida oʻtgan tadbirda viloyat rahbari E. Turdimov yurt taraqqiyoti va xalqimiz turmush farovonligiga, yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan hamyurtlarimizni yana bir bor yuksak mukofotlar bilan tabriklab, unvon, orden va medallarni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirdi.
— Murabbiylik faoliyatim davomida oʻndan ziyod jahon chempionati sovrindorlari, 20 nafardan ortiq Osiyo chempionlari hamda 20 nafar xalqaro toifadagi sport ustasini tayyorladim, — deydi Samarqand shahridagi 2-BOʻSM murabbiysi, “Jasorat” medali sohibi Yusuf Qodirov. — Mana shu mehnatlarim samarasi oʻlaroq, Prezidentimiz tomonidan “Jasorat” medali bilan taqdirlandim. Ushbu eʼtirof menga juda katta kuch bagʻishlaydi. Bu medal nafaqat meniki, balki oila aʼzolarim, doʻstlarim va shogirdlarimniki ham. Keyingi faoliyatimda shogirdlarim bilan bundanda yuqori yutuqlarga erishib, yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarish uchun harakat qilamiz.
Tadbirda, shuningdek, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, viloyat faollari, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari vakillariga “Mahalla iftixori” koʻkrak nishoni topshirildi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring