Yozda ekilgan chigit kech kuzda hosil beradi

18:45 07 Iyun 2022 Jamiyat
415 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun dunyoda nafaqat oziq-ovqat, balki toʻqimachilik mahsulotlari va paxta xom ashyosiga boʻlgan talab ham oshib bormoqda. Qolaversa, yurtimizda zamonaviy yengil sanoat korxonalari koʻpaymoqda. Ularni paxta xom ashyosi bilan taʼminlash zarurati yuzaga kelyapti. Ana shu nuqtayi nazardan Buxoro viloyatida gʻalladan boʻshagan maydonlarning bir qismiga jadallik bilan chigit ekish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

— Bu masʼuliyatli yumush agroklasterlar zimmasiga yuklangan, — deydi viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi A. Javodov. — Gʻalladan boʻshagan yerlar somoni tozalanib, tuproq namligini saqlagan holda chigit ekish choralari koʻrilmoqda. Masalan, Buxoro tumanidagi toʻrtta klaster korxonasi tomonidan qoʻshimcha tarzda jami 800 gektar maydonda sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo sanalgan paxta yetishtirishga kirishilmoqda. Boshqa tumanlarimizda ham somondan tozalangan yerlarda zarur agrotexnik tadbirlardan soʻng chigit qadalmoqda.

Sirasini aytganda, yozda yerga chigit ekilgani Buxoroda kamdan-kam kuzatiladi. Ammo mutaxassislarning boʻlgʻusi hosil bilan bogʻliq bashoratlari bu tajriba oʻzini oqlashiga boʻlgan ishonchni mustahkamlamoqda. Hisob-kitoblarga koʻra, viloyat boʻyicha gʻalladan boʻshagan 7 ming 600 gektar yerda qadalgan “S-82-90” va «S-47-272 navli gʻoʻzadan kech kuzga borib 22 ming tonnadan ziyod paxta xom ashyosi olinadi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер