Yotoqxonaga ehtiyoji bor talabalar soni 150 mingga yaqin – Toshqulov nobud boʻlgan 5 nafar talaba voqeasi va yotoqxonalar muammosiga toʻxtaldi
“Hukumat soati”da deputatlar OTM talabalarni turar joylar bilan taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlarni muhokama qilmoqda. Xalq vakillarining savollariga oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov javob bermoqda.
«Kuni kecha Yunusobodda besh nafar talabaning, qurilishda TDYUU talabasining nobud boʻlgani hammamizni qaygʻuga soldi. Bunga kim beparvo boʻldi, qaramadi, hammamizga yomon taʼsir qildi. Men hech narsani xaspoʻshlab, taraf olishdan emas haqiqiy holatni fikrlashib olishdan manfaatdorman.
Oʻzbekistonda barcha sohalar qatori taʼlim, xususan oliy taʼlim qaysidir maʼnoda reanimatsiya boʻldi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Toʻrt yilda 55 ta OTM qoʻshildi yaʼni ular soni 77 tadan 102 taga yetdi. Qabul kvotasi 2,6 barobarga oshdi. Talabalar kontingenti 640 ming nafarga yetdi. Bu juda katta koʻrsatgich.
Oʻquv binolari boʻyicha muammolar hal boʻldi, koʻplab kollej binolari berildi, yangi binolar qurildi. Lekin bitta raqamga eʼtiboringizni qaratmoqchiman kvotalar, talabalar soni 2 baravardan 3 baravargacha oshgan bir sharoitda yotoqxonalarning oʻrin soni shu davr mobaynida atiga 25 foizga oshdi. Shuning uchun ham juda koʻp talabalar ijarada, qarindoshinikida va koʻplab muammolarga duch keldi», dedi vazir.
Toshqulovga koʻra, bugungi kunda respublikada boʻlgan 228 ta talabalar turar joyida 58 ming nafar talaba istiqomat qilyapti va bu mavjud ehtiyojlarning maʼlum bir qismini qoplaydi, xolos. Bugungi kunda yotoqxonaga qoʻshimcha ehtiyoji bor talabalar soni 149 ming 400 nafarni tashkil etmoqda.
Vazirning qoʻshimcha qilishicha, talabalar uchun qoʻshimcha yotoqxonalar quriladi. 2025-yilgacha 6 ming 750 oʻringa ega 16 ta talabalar yotoqxonalari quriladi. Bu muammoni hal etishga vazirlikning oʻz imkoniyatlari, investitsiya dasturlari doirasida qurilayotgan yotoqxonalarning soni yetmaydi. Bu masalada tizimli yondashuv talab etiladi.Toshqulov Prezident topshirigʻiga koʻra, kelgusida yotoqxonalar qurilishi uchun davlat subsidiyasi berilishini ham maʼlum qildi.
Inobat AHATOVA,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring