Yoshlarda ekoturizm madaniyatini oshirish: Toshkent viloyatining togʻli hududlarida Membership Training tadbiri boʻlib oʻtdi
25-26-sentabr kunlari Toshkent shahridagi Puchon universiteti tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi va “Balandlik” Yosh sayyohlik doirasi" loyihasi koʻmagida “Amirsoy” dam olish maskani hududida Membership Training (MT) tadbiri boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Toshkent shahridagi Puchon universiteti rahbarlari, professor-oʻqituvchilari va 1-bosqich talabalari, Ekologiya vazirligi, “Balandlik” yosh sayyohlar klubi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Maʻlumot uchun, MT (Membership Training) yoshlar tadbiri boʻlib, ishtirokchilar oʻrtasida jamoaviy ruhni rivojlantirish, qatʻiyat, masʻuliyat, ishonch, qoʻllab-quvvatlash, toʻgʻri yoʻl tanlash, tabiatga muhabbat uygʻotish, ekoturizm madaniyatini singdirish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan turli faol faoliyat turlaridan iborat.
Taʻkidlash joizki, bu yilgi MT tadbiri “Oʻzingga ishon!” shiori ostida boʻlib oʻtdi, unda tashkilotchilar tabiatga gʻamxoʻrlik qilish, uning goʻzalligi va ulugʻvorligini qadrlay bilishga, talabalarda ekoturizm madaniyatini oshirishga alohida eʻtibor qaratdilar.
Tadbirda 225 kishi ishtirok etdi. MT davomida ishtirokchilar oʻrtasida sport musobaqalari, “Boʻstonliqning togʻ goʻzalligi”, “Oʻzbekistonning yangi yoshlari chehralari” kabi nominatsiyalar boʻyicha fotosuratlar tanlovlari tashkil etildi.
Tadbirdan koʻzlangan maqsad oʻquvchilar oʻrtasida jamoaviy ruhni shakllantirish, ularda oʻqish va keyingi hayotlarida yordam beradigan koʻnikmalarni shakllantirishdan iborat.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring