Yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 30 foiz oshgan
Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning yetti oyi davomida respublika boʻyicha yoshlar tomonidan 5 914 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, bu jami jinoyatlarning 22,5 foizini tashkil qiladi. Olib borilgan oʻrganishlar yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 30 foizga oshganini koʻrsatmoqda. Shu vaqt mobaynida 464 nafar voyaga yetmagan shaxslar tomonidan 401 ta jinoyat sodir etilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 36,4 foizga oshgan.
Bu raqamlar, koʻrsatkichlar huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etish sabablari va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, aniqlash va bartaraf etish boʻyicha samarali chora-tadbirlar koʻrishni taqozo etadi. Shuningdek, bu borada ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini, ularning boshqa vazirlik va idoralar, ayniqsa, taʼlim muassasalari, hududlardagi sektor rahbarlari oʻrtasidagi hamkorligini yana-da kuchaytirish ham muhimdir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2020-yil 10-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Yoshlar va voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatlar sodir etilishining oldini olish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan yuborilgan parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P. Bobojonovning javobi atroflicha koʻrib chiqildi.
Parlament soʻroviga javobda qayd etilganidek, 2020-yilning 9 oyida ichki ishlar organlari tomonidan manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari amalga oshirilgan. Jamoat tartibini buzgan, tarbiyasi ogʻir, taʼlim muassasalaridagi darslarga sababsiz qatnashmaydigan, huquqbuzarliklar sodir etishga moyil boʻlgan yoki sodir etgan, oʻzboshimchalik bilan oiladan yoki ixtisoslashtirilgan oʻquv-tarbiya muassasalaridan ketib qolgan, adashgan yoki qarovsiz qoldirilgan 38 671 nafar voyaga yetmagan shaxslar ichki ishlar organlari tayanch punktlariga keltirilib, ular bilan yakka tartibdagi profilaktik ishlar amalga oshirilgan. Xususan, ota-onasi qarovisiz, nazoratisiz qolgan, ijtimoiy- huquqiy yordamga muhtoj 2662 nafar voyaga yetmaganlar “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaz”iga joylashtirilgan.
Yosh avlod tarbiyasida oiladagi muhitni toʻgʻri tashkil etish, ota-onalar masʼuliyatini oshirish muhim sanaladi. Vazir javobida farzandlarini parvarishlash, tarbiyalash borasidagi majburiyatini bajarmayotgan 5092 nafar ota-onaga nisbatan toʻplangan hujjatlar joylardagi voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyaga yuborilib, tegishli taʼsir choralari koʻrilgani qayd etildi. Xususan, ota-onalarning 2 140 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, 14 nafari ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, 3976 nafar ota-ona ichki ishlar organlari profilaktik hisobiga kiritilib, ular bilan yakka tartibdagi profilaktik ishlar olib borilishi belgilangan.
Sohada olib borilgan tizimli ishlar natijasida tuzalish yoʻliga kirgan, sogʻlom turmush tarziga qaytgan 2887 nafar voyaga yetmaganlar hamda 3949 nafar ota-ona ichki ishlar organlari profilaktik hisobidan chiqarilgan.
Vazir javobida qayd etilishicha, ichki ishlar organlari tomonidan “Yoshlar oyligi” doirasida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil qilishda faol ishtirok etishini taʼminlash maqsadida “General va yoshlar” uchrashuvlari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, ichki ishlar organlari profilaktik hisobiga olingan 2 968 nafar hamda yakka tartibda profilaktika ishi yuritilishiga olingan 3 401 nafar voyaga yetmaganlarning 51 nafari ishga joylashtirilgan, 1 696 nafari oʻqishga qaytarilgan, 2 775 nafarini turli sport toʻgaraklariga, 2 300 nafari fakultativ toʻgaraklarga jalb etilishi taʼminlangan.
Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash qaratilgan keng imkoniyatlar yaratib berilayotgan boʻlishiga qaramay, ayrim yigit-qizlar narkotik moddalar bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etishi va giyohvandlik yoʻliga kirib ketish holatlari uchrayotgani achinarlidir. Parlament soʻroviga javobda ushbu holatlarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlari mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni belgilab, amaliyotga tatbiq etayotgani taʼkidlandi.
Qizgʻin muhokamalardan soʻng, parlament soʻroviga yuborilgan javob deputatlar tomonidan maʼlumot uchun qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring