“Yoshlar fikri – parlament kuchi” shiori ostida “Parlament oromgohi” oʻquv seminari boʻlib oʻtmoqda
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida 6–9-fevral kunlari “Yoshlar fikri – parlament kuchi” shiori ostida “Parlament oromgohi” loyihasi oʻquv seminari boʻlib oʻtmoqda.
Oʻquv seminarining ilk kunida Yoshlar parlamentining II yalpi yigʻilishi hamda loyihaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish davomida Yoshlar parlamenti aʼzolarining kelgusi olti oylik faoliyat rejalari atroflicha muhokama qilinib, har bir yoʻnalish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi va masʼuliyatlar taqsimlandi.
Tadbirda Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslonova soʻzga chiqib, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qonun ijodkorligi va jamoatchilik nazoratiga keng jalb etish masalalariga toʻxtaldi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan “Aksilkorrupsiya volontyorlik faoliyati”da Yoshlar parlamentining oʻrni va vazifalariga alohida urgʻu berdi.
Oʻquv seminarining ikkinchi kunida “Senator va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi. Uchrashuvda Senat aʼzolari yoshlarga oid davlat siyosati borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, parlament nazorati hamda qonun ijodkorligi jarayoni toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdilar.
Yoshlar parlamenti aʼzolari senatorlarga oʻzlarining taklif va gʻoyalarini bildirishdi.
Oʻquv oromgohi oʻz ishini davom ettirmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring