Yoshlar bugun qanday oʻqituvchilardan norozi?

18:37 09 Mart 2021 Jamiyat
1018 0

Mulohaza

Avvallari informatika darsida kompyuterlarni faqatgina kitoblarda koʻrardik. Axborot texnologiyalariga oid bilimlarimiz faqat nazariyadan iborat edi, xolos. Chunki oʻsha paytda Xorazm viloyatining chekka bir maktabida kompyuterlar bilan jihozlangan sinfxonalar yoʻq edi. Bu esa darsning sifatiga, albatta, taʼsir koʻrsatardi.

2016-yilda maktabimiz qayta taʼmirlandi va zamonaviy kompyuterlarga ega sinfxona foydalanishga topshirildi. Biz oʻshandagina haqiqiy texnologiyalar bilan ishlashni oʻrgangandik. Nazariy bilimlarning amaliyotda qanday qoʻllanilishini oz boʻlsada his qildik.

Bugungi kunda yurtimizdagi barcha taʼlim dargohlari soʻnggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangan, desak, xato emas. Hatto bozorlarda, supermarketlarda, koʻcha-koʻyda maxsus dasturlashtirilgan kameralar tun-u kun ishlamoqda. Yaqin yillardan boshlab kameralar oliy oʻquv yurtlariga kirishda test sinovlarining adolatli va shaffof oʻtishida ham beminnat xizmat qilmoqda.

Barchamizga ayonki, pandemiya sababli taʼlim tizimi ham shaklan, ham mazmunan oʻzgardi. Murakkab sharoitda axborot texnologiyalari oʻz kuchini va imkoniyatlarini yana bir bor namoyon etdi. Oʻtgan yili yurtimizda karantin boʻlishiga qaramay, darslar internet orqali onlayn rejimda davom etdi. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda koʻngillilar tomonidan koʻpgina bepul onlayn kurslar ham tashkil etildi.

Umuman olganda, bugungi davrda axborot texnologiyalari taʼlimning ajralmas boʻlagiga aylanib ulgurdi. Endigi vazifa — taʼlim tizimida sifat koʻrsatkichini taʼminlash, qoloqlikning oldini olish uchun axborot texnologiyalaridan oʻrinli va madaniyatli foydalanishni taʼminlashdir.

Hozirgi paytda ayrim yoshlarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan maqsadsiz foydalanayotgani ham bor gap. Bu bilan ular boʻsh vaqtini havoga sovuribgina qolmay, milliy qadriyatlardan, kitoblardan uzoqlashmoqda.

Yana bir masala esa taʼlim sohasida faoliyat yurituvchi yoshi katta kadrlarning zamonaviy kommunikatsiyalardan samarali foydalanishni bilmasligidir. Ularning aksariyati darslarni eskicha usuldagi maʼruza oʻqish bilan oʻtmoqda. Bu esa zamonaviy bilim olishga tashna har qanday oʻquvchining fanga qiziqishini susaytiradi. Ular oʻquv maskaniga qandaydir bir norozilik, qoniqmaslik, zerikish tuygʻulari bilan yoʻl oladilar. Shu bois pedagoglar malaka oshirayotganda, albatta, taʼlim berishning usul va uslublarini, axborot texnologiyalariga doir bilimlarini davr talablariga moslab olishi zarurligini hayotning oʻzi taqozo etayotir.

Muxtasar aytganda, bugun har birimizning oldimizga zamon bilan hamnafas yashash talabi qoʻyilmoqda. Bunga munosib boʻlish, shubhasiz, xalqimizning azaliy orzu-umidlari roʻyobiga xizmat qiladi.

Munira QOʻZIBOYEVA,

OʻzJOKU talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер