Yosh rahbar kadrlar bugunning talabiga javob beradimi?
Illyustrativ foto
Oʻz ishiga vijdonan yondashmaslik, vakolatlarini toʻliq ishga sola olmaslik, muhim qarorlarni qabul qilishda oʻziga ishonchning yetarli emasligi, davlat xizmatchisi masʼuliyatini his qilmaslik yoki uning mezonlaridan umuman bexabarlik. Ayrim yosh boshqaruvchilarga xos bu kamchiliklar “Oʻzbekistonda yosh rahbar kadrlarning boshqaruv salohiyatini yuksaltirish: muammo va kamchiliklar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, akademiya qoshidagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda sohada mavjud muammolar va ularning amaliy yechimlarini topishga eʼtibor qaratildi.
Mutaxassislar tomonidan qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatimizda oʻzining shaxsiy fikri, prinsiplari va sohaga yangicha yondashuvi boʻlgan yosh rahbar kadrlarni masʼuliyatli lavozimlarga tayinlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Xalqimizning katta qismi, yaʼni 17 million aholisini aynan yoshlar tashkil etishi ham, zamonaviy yetakchilardan har tomonlama bilimli va tashabbuskor, eng avvalo, oʻz ishiga nisbatan fidokorona yondashuvni talab etadi. Yoshlar ularga bildirilgan yuksak ishonchni oqlay olyaptimi? Ularning rahbarlik va yetakchilik qobiliyatini ishga solish, tarbiyalash va shakllantirish uchun qanday ishlar olib borilyapti va buning samaradorligi qay darajada? Konferensiyada shu kabi savollar oʻrtaga tashlandi.
— Institutimiz oʻz faoliyatini boshlaganiga bir yarim yil boʻldi va oʻtgan davr mobaynida aynan yosh rahbarlar oʻrtasida juda koʻplab soʻrovnomalar va tadqiqotlar olib borildi, — deydi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori, siyosatshunoslik fanlari doktori Aktam Jalilov. — Natijalar shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim yosh rahbarlarimiz davlat xizmatchisi degan masʼuliyatni toʻliq boʻyniga olmayapti. Jamoani boshqarishda maʼmuriy, yaʼni, qattiqqoʻllik bilan boshqarish, xodimlarni qoʻrqitish orqali ishga solish hollari kuzatilyapti. Aksariyat hollarda bu ularda boshqaruvchilik bilim va koʻnikmalarining yetarli emasligi bilan ham bogʻliq. Zamonaviy boshqaruvda bu kabi maʼmuriy usullar emas, liderlik, yetakchilik, jamoa bilan ishlash, xodimlarni maqsadli ishlashga oʻrgatish, oʻzining ilgʻor gʻoyalari ortidan ergashtira olish kabi ilgʻor usullar ustuvor. Bugungi kun yosh rahbarlar oldiga oʻz ishiga ana shunday innovatsion va gʻoyaviy ustunlik orqali yondashuvni talab qilmoqda. Konferensiya natijalariga koʻra, institutning tinglovchilarni qabul qilish qamrovini yanada oshirish, rahbarlik salohiyati yuqori yoshlarning zamonaviy liderlik koʻnikmalarini tarbiyalashda yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Konferensiyada qatnashgan amaliyotchilar va olimlar bu borada qilinayotgan ishlar tahlili hamda yaqin istiqbolda ishga solinishi lozim boʻlgan tadbirlar xususida toʻxtalib oʻtishdi. Ayni paytda yosh rahbar kadrlar oldida turgan ijtimoiy toʻsiqlar va ularning maqbul yechimlari oʻrganildi. Yosh istiqbolli kadrlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda rahbar lavozimlariga tavsiya qilishda xorij tajribasini oʻrganish boʻyicha mulohazalar bildirildi.
Tadbir tashkilotchilari Rossiya Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xoʻjaligi va davlat xizmati akademiyasi Sibir boshqaruv institutida faoliyat olib borayotgan hamkasblari bilan onlayn muloqot tashkil etishdi. Unda sohadagi yangiliklar va xalqaro mezonlar yuzasidan oʻzaro tajriba almashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring