Yosh kitobxonlar uchun qachon imkoniyat yaratiladi?
Foto: Xalq soʻzi
Buxoro viloyat bolalar kutubxonasi joylashgan bino 1938-yilda bolalar bogʻchasi sifatida qurilgan. U avariya holatida. Viloyat davlat-arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasining 2012-yil 3-dekabrdagi 346-xatida ham ushbu bino meʼyoriy talablarga javob bera olmasligi koʻrsatilgan. Uning oʻrnida loyiha asosida yangisini qurish toʻgʻrisida xulosa berilgan edi. Ammo turli sabablarga koʻra bino qayta qurilishi yoki taʼmirlanishi masalasi yechimini topmadi.
— 67 mingta kitob mana shu xonalarda saqlanyapti, — deydi muassasa bosh kutubxonachisi Muhtaram Nuriddinova. — Ularni tegishli meʼyorlar asosida saqlash uchun sharoitlarimiz yetarli emas. Xonalar keng va yorugʻ, harorat esa 25-27 daraja boʻlishi zarur.
Chindan ham bu yerda shart-sharoitlarni talab darajasida deya olmaymiz. Hatto kitoblar saqlanayotgan xona tomidan chakki oʻtganini ham koʻrish mumkin. Muassasada zamonaviy texnika vositalari — monobloklar, maxsus ekranlar va stol-stullarga ehtiyoj sezilmoqda.
— Kitobxonlarimiz soni 23245 nafarni tashkil etmoqda, — deydi kutubxona direktori Nargiza Nizomova. — Ularning har biriga oʻrtacha 5 tadan kitob toʻgʻri kelyapti. Yangi bino masalasiga kelsak, bu muammo yechimi sari qadam tashlandi. Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga koʻra, respublikamizdagi barcha viloyat bolalar kutubxonalari uchun bosqichma-bosqich zamonaviy shart-sharoitlarga ega inshootlar quriladigan boʻldi. Biz ham bu boradagi oʻz takliflarimizni mutasaddilarga yetkazdik.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yilgi tegishli qaroriga muvofiq, maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi 12 ta bolalar kutubxonasini bosqichma-bosqich yangilash koʻzda tutilmoqda. Fikrimizcha, avariya holatidagi binoda faoliyat yuritayotgan Buxoro viloyat bolalar kutubxonasi uchun qancha tez yangi inshoot qurilsa shuncha yaxshi.
Tizim faoliyatini samarali tashkil etish bilan bogʻliq ayrim masalalar ham yoʻq emas. Chunonchi, ilgari shahar va tumanlarda axborot-resurs markazlari faoliyat koʻrsatar, ular viloyat bolalar kutubxonasi hamda maktab kutubxonalari oʻrtasida koʻprik vazifasini ham oʻtardi. Endi esa tizimda ular yoʻq. Viloyatdagi 538 ta maktab kutubxonachisiga uslubiy yordam koʻrsatish, ular bilan hamkorlikda ishlash 32 nafar mutaxassisdan iborat viloyat bolalar kutubxonasi jamoasi zimmasida. Bunga esa tabiiyki, ulgurish mushkul. Qolaversa, viloyatning chekka qishloqlarida yashovchi kitobxon oʻgʻil-qizlarning imkoniyatlarini ham hisobga olish kerak. Axir, hammada ham viloyat markaziga kelib, kutubxonaga aʼzo boʻlish uchun shart-sharoit boʻlavermaydi. Maktab kutubxonalariga kelsak, ularni badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash masalasida muammolar uchrayapti. Deylik, biz Buxoro shahridagi 13-oʻrta umumtaʼlim maktabida boʻlganimizda bu yerda tahsil olayotgan har bir oʻquvchiga 1,5 — 2 tadan badiiy kitob toʻgʻri kelayotgani guvohi boʻldik.
— Toʻgʻri, keyingi yillarda kitob taʼminoti borasida ijobiy oʻzgarishlar yuz bermoqda, — deydi maktab kutubxonachisi Shahlo Murodova. — Masalan, biz 2023-yilda 256 ta badiiy kitob oldik. Lekin maktabimizda 1600 nafardan ziyod oʻquvchi bilim olayotgani nazarda tutilsa, bu ancha kam. Meʼyorga koʻra, har bir oʻquvchiga 3-4 tadan kitob toʻgʻri kelishi kerak. Ayniqsa, 1 — 4 sinf oʻquvchilariga moʻljallangan lotin yozuvidagi badiiy kitoblar juda kam. Vaholanki, aynan shu yoshdagi bolajonlarning kitob mutolaasiga ishtiyoqlari баланд...
Biz bolalar kutubxonalari moddiy – texnika bazasini mustahkamlash, yosh kitobxonlarga zamonaviy shart – sharoitlar yaratish, kutubxonalarni kerakli adabiyotlar bilan taʼminlash masalasiga bejiz toʻxtalmayapmiz. Yoshlarimizning ziyrak, zehnli, bilimli, intiluvchan, dunyoqarashlari keng boʻlib voyaga yetishida hech narsa kitobning oʻrnini bosa olmaydi.
Buni unutishga hech kimning haqqi yoʻq! Nima dedingiz, shunday emasmi?
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring