Yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy taʼsir koʻrsatish choralari yanada samarali qoʻllaniladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan fuqarolarning ehtiyotsizligi yoki yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlar sogʻligʻiga zarar yetishi yoxud oʻzganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yoʻq qilinishi bilan bogʻliq boʻlmagan tarzda yongʻin sodir boʻlganda bunday shaxslarni javobgarlikdan ozod qilish koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, boshqa shaxslarga qoʻllanilib kelinayotgani kabi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ham yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralarini toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllash huquqini davlat yongʻin nazorati organlariga berilishi nazarda tutilyapti.
Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mavjud amaliyotning bir qancha xususiyatlarini oʻzgartirib, yongʻinlar profilaktikasining va tabiatni muhofaza qilish faoliyatining samaradorligini oshirishga, shuningdek, yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy taʼsir koʻrsatish choralarining yanada samarali qoʻllanilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring