Yomg‘irlatib sug‘orish - tejamkorlik va baraka asosi
Foto: “Xalq so‘zi”
Jizzax viloyati Yangiobod tumanidagi “Yangiobod baxt agro klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati g‘alla maydonida suvni tejash, hosildorlikni oshirish va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalaridan unumli foydalanish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat va tuman sektorlari rahbarlari, g‘alla klasterlari rahbarlari, investorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
-Mazkur jamiyatga loyiha qiymati 74 milliard so‘m bo‘lgan boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun ming gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, intensiv sug‘orish usulida parvarishlanayotgan 600 gektar maydondagi g‘alla uchun “Agrobank”ning Zomin filiali tomonidan 9.3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan, - deydi Yangiobod tumani hokimi o‘rinbosari Sarvar Po‘latov. -O‘zlashtirilgan mablag‘lar hisobidan Turkiya davlatidan 100 gektar maydon uchun tomchilatib sug‘orish hamda 500 gektar maydon uchun yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari olib kelindi va sunʼiy hovuzlar yaratildi.
Seminarda g‘alla yetishtirishda zamonaviy suv tejovchi usul bo‘lgan yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan foydalanish, uning samaradorligi va afzalliklari xususida atroflicha tushuntirildi.
Shuningdek, klaster tomonidan 2021-2022 yillarda yetishtiriladigan boshoqli don mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish uchun 2-bosqichda loyiha qiymati 50 milliard so‘m bo‘lgan un ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish, chorvachilik sohasini rivojlantirish loyihalari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring