Yashillik nafasi bilan yashnayotgan diyor

12:29 03 Aprel 2026 Jamiyat
249 0

Bugun yurtimizning turli hududlarida koʻchat ekish, yashil maydonlarni kengaytirish ishlari davom etmoqda. Bu orqali atrof-muhitni sogʻlomlashtirish, havoni tozalash va odamlar uchun qulay yashash sharoitini yaratishga eʼtibor kuchaymoqda. Ayniqsa, soʻnggi paytlarda bu ishlarga oddiy hashar sifatida emas, balki har bir inson daxldor boʻlgan muhim vazifa sifatida qaralayotgani ahamiyatli. Jumladan, Bobur shahrida “yashil bogʻ” va “yashil belbogʻ” barpo etish ishlari boshlandi. Bir kunda oʻtkazilgan tadbirda 8000 tupdan ziyod manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Bu nafaqat shahar qiyofasini yaxshilash, balki havoni musaffo qilish, yozning issiq kunlarida salqin hududlar yaratishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu ishlar kelajak uchun qoʻyilayotgan poydevordir.

Yangi barpo etilayotgan Bobur shahrining umumiy maydoni 4 ming gektarni tashkil etadi. Bu yerda 410 ming nafardan ziyod aholi yashashi mumkin. Rejaga koʻra, 1 ming 439 gektar maydonda 40 ming xonadondan iborat 2 mingta koʻp qavatli uylar quriladi. Shuningdek, 223 gektarda xizmat koʻrsatish obyektlari joylashtiriladi, 499 gektar maydon yoʻllar va infratuzilma uchun ajratiladi. Eʼtiborlisi, 1 ming 820 gektar maydon aynan yashil hududlarga ajratilayotganidir. Bu esa shaharni boshidanoq yashil va shinam muhitda barpo etishga harakat qilinayotganini koʻrsatadi.

Soʻnggi yillarda ham bu yoʻnalishda ishlar izchil olib borilmoqda. Xususan, 2024–2025-yillarda 58 gektar maydonda 47 ming tupdan ziyod daraxt koʻchatlari ekilib, “Kasaba uyushmalari”, “Vatanparvar” va “Ziyolilar” bogʻlari tashkil etildi. Bunday maskanlar aholi uchun dam olish, bolalar uchun oʻyin, kattalar uchun esa hordiq chiqarish joyiga aylanmoqda.

Eʼtiborli jihati shundaki, koʻchat ekish ishlarida aholi faol ishtirok etmoqda. Yoshlar, nuroniylar, turli sohada mehnat qilayotgan insonlar birgalikda hasharga chiqib, koʻchat ekishmoqda. Kimdir koʻchat ekyapti, kimdir suv quyyapti, yana kimdir uni parvarish qilishga bel bogʻlayapti. Bu esa yashillikni asrash va koʻpaytirish har birimizning ishimiz ekanini anglatadi.

Albatta, koʻchat ekish bilan ish tugamaydi. Uni asrab-avaylash, vaqtida sugʻorish, parvarish qilish juda muhim. Chunki ekilgan har bir koʻchat parvarish qilinsagina oʻsib, katta daraxtga aylanadi. Aks holda, qilingan mehnat zoye ketishi mumkin.

Yashillikni koʻpaytirish ayniqsa Oʻzbekiston sharoitida juda zarur. Issiq va quruq iqlim, changli shamollar, ayrim joylarda suv tanqisligi tabiatga oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Daraxtlar esa havoni tozalaydi, changni ushlab qoladi, soya-salqinlik beradi va yer namligini saqlashga yordam beradi. Eng muhimi, inson salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, yashash muhitini yanada qulay qiladi.

Qisqasi, yashil makon — bu faqat koʻchat ekish emas, balki kelajak uchun gʻamxoʻrlikdir. Agar har birimiz shu ishga befarq boʻlmasak, ekilgan har bir koʻchatga eʼtibor bersak, yurtimiz yanada koʻrkam, havosi toza va yashash uchun qulay maskanga aylanadi.

Maxpuraxon ORTIQOVA,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyat boʻlimi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер