“Yashil makon” umummilliy loyihasi Andijonda qizgʻin davom etmoqda

15:17 06 Noyabr 2021 Jamiyat
8211 0

Foto: Халқ сўзи

Prezidentimiz tomonidan respublikamiz boʻylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish dolzarb vazifa qilib belgilandi.

Andijon viloyatida ham ushbu loyiha asosidagi amaliy ishlar jadal boshlab yuborildi. Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, shu kungacha tuman va shaharlarda 400 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Bu xayrli ishda har bir korxona, tashkilot va oʻquv muassasalari faol ishtirok etmoqdalar. Jumladan, “Andijon suv taʼminoti” MCHJ jamoasi Andijon tumanida barpo etilayotgan “Yangi Andijon” massivida 30 sotixdan iborat hududda yashil maydon yaratmoqdalar.

— Bu joy adirlikdan iborat boʻlib, hozirda turar-joy manziliga aylantirilmoqda, - deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ direktori Shuhratbek Matmusayev. — Bir necha yillardan soʻng bu yerda yangi shahar barpo boʻladi. Bugun biz ekayotgan koʻchatlar shu shaharning ekologik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi. Buning uchun koʻchatlarning ildiz otib, sersoya daraxtlarga aylanishi uchun parvarishlash ishlarini ham yoddan koʻtarmaslik zarur.

Koʻchat ekish jarayonida hududning tuproq va iqlim sharoitiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Kelgusida tomchilatib sugʻorish orqali koʻchatlarni parvarishlashni hisobga olgan holda meʼyordan ortiqcha suv talab qilmaydigan 25 turdagi daraxt turlari tanlab olindi.

Bugun “Yangi Andijon” massivida boshlangan loyiha viloyatning har bir shahar va tumanlarida, mahallalarida davom etmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер