«Yashil makon» loyihasi doirasidagi ishlar jadallashdi
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyati Furqat tumanida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 335 ming tup manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ekish rejalashtirilgan.
Bugun tumanning Bekobod qishlogʻida joylashgan «Abdulqahhor ota» ziyoratgohidan boshlangan obodonlashtirish va hududni yashil makonga aylantirish ishlarida 200 nafardan ziyod furqatliklar faol qatnashdi. Ariq yoqalari, xiyobon tozalandi va koʻkka boʻy choʻzgan daraxtlarning tagi oqlandi. Ming tupga yaqin daraxt nihollari ekildi.
Hasharda ishtirok etgan Furqat tumani hokimi Jahongir Jumanov faollar va nuroniylar bilan suhbatda ziyoratgohda zamonaviy loyiha asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar xususida maʼlumot berdi. Unga koʻra, ziyoratgohga kirish uchun ikki tomonlama yoʻl, Otalar choyxonasi, muhtasham maqbara, bolalar maydonchasi, avtoturargoh, book- cafe hamda 50 oʻrinli amfiteatr quriladi.

Nuroniylar ezgu ishlar bardavom boʻlishi uchun duoga qoʻl ochdilar. Ziyoratgohda uch avlod ishtirokida bir piyola choy ustida samimiy suhbat uyushtirildi.
Botir Madiyorov, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring