“Yashil energiya” sertifikatlari tushunchasiga aniqlik kiritilmoqda
Иллюстратив фото
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining bir guruh deputatlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan amaldagi qonunchilikka “yashil energiya” sertifikatlari tushunchasini kiritish hamda bunday sertifikatlarni berish va muomalaga kiritish tartibiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish vakolati Vazirlar Mahkamasiga berilishi nazarda tutilmoqda.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjat “Yashil energiya” sertifikati sifatida qayd etilishi taklif etilmoqda. Shuningdek, quvvati 300 kVt va undan yuqori boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tizimiga ulash maxsus vakolatli davlat organida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyingina amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Soliq kodeksiga “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlar foyda soligʻidan ozod etilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilishi koʻzda tutilyapti.
Qonun tashabbuskorlarining fikricha, soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholi va tadbirkorlik subyektlarini energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish hamda sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energetikaga oʻtish boʻyicha ulkan ishlar qilindi. 2026-yilga qadar esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi uy-joy kommunal sohalar va iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanishni ragʻbatlantirishga hamda “yashil” iqtisodiyotga oʻtish choralarini qoʻllaydigan investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi.
Ayni paytda ushbu qonun loyihasi birinchi oʻqishga tayyorlanmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring