Yashil energiya: izlagan imkon topadi
Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Markaziy Osiyoning energetika gigantlaridan biri hisoblanadigan Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi hissasiga mintaqada ishlab chiqariladigan elektr energiyasining chorak qismi toʻgʻri keladi.
Ikki mingga yaqin xodimning kun-u tun mashaqqatli mehnati evaziga korxonada yiliga 16 milliard kVt/s elektr toki ishlab chiqariladi. Bu esa mamlakatimizda shu turdagi jami korxonalar tomonidan isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining uchdan birini tashkil etadi.
Kundalik turmushimizni elektr energiyasisiz tasavvur qilib boʻlmaganidek, sanoat korxonalarining faoliyatini ham mitti elektronlarning tartibli harakati evaziga vujudga keladigan quvvatsiz tasavvur qilish qiyin. Iqtisodiyoti shiddat bilan kengayib, rivojlanib borayotgan yurtimizda elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoj ham ortib borayotgani sir emas. Ana shunday talabni qondirishda oʻnlab turdosh korxonalar orasida Sirdaryo IES ning alohida oʻrni bor. Texnik jihatdan eskirgan generatorlari va quvvatlarini muvaffaqiyatli modernizatsiya qilish tufayli korxonaning ishlab chiqarish hajmi yildan yilga ortib bormoqda.
Eʼtiborlisi, Sirdaryo IESning foydalanilmay yotgan boʻsh yer maydonida soatiga 37 kVt elektr energiyasi ishlab chiqariladigan quyosh panellari oʻrnatildi. Ichki ehtiyojlarga moʻljallangan 31 dona quyosh suv isitgichlari esa ularga yondosh boʻldi. Dastlabki qadamlar samara bergach, bu yoʻnalishdagi ishlar yanada kengaytirildi. 2023-yilda quvvati 1 326 kVt, 2024-yilda esa 520 kVt quyosh fotoelektr stansiyasi bunyod etildi. Dunyoning yetakchi kompaniyalaridan keltirilgan “Solar panell”larning umumiy quvvati 1 924 kVt ga yetkazildi.
Qiziqarli fakt. Ushbu quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi korxonaning oʻz ehtiyojlari uchun yoʻnaltirilgan. Boisi oʻnta energoblokdan iborat gigant korxonaning elektr tokiga boʻlgan ehtiyoji ham aslo kam emas. Shu bois ayni quyosh panellarida ishlab chiqarilgan elektr toki korxonaning elektr energiyasi boʻlgan ehtiyojini qoplashga yoʻnaltirilmoqda. Boshqacha aytganda, elektr ishlab chiqaruvchi korxona oʻzi uchun kerakli “yashil energiya” texnologiyasi asosida hosil qilmoqda.
— Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish evaziga 2023-yilda 1 mln. 143 ming kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqildi, — deydi Sirdaryo IES Bosh direktori Bahrom Sobirov. — Buning natijasida 121 ming m3 tabiiy gaz iqtisod qilindi. Joriy yilning yetti oyi davomida esa 1 251 ming kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqilib 133 ming m3 tabiiy gaz tejaldi. Taqqos uchun aytish mumkinki, yilning yetti oyida hosil qilingan “yashil energiya”miz evaziga 850 ta xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlash mumkin boʻladi.
“Yashil energiya”ga oʻtishda dastlabki qadamlarni qoʻygan korxona jamoasi shu yoʻnalishda toʻxtab qolmoqchi emas. Kelajakda quvvati 300 MVt boʻlgan yana bir yirik quyosh stansiyasi loyihasi ustida ish olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring