​​​​​​​Yarashmagan “yalla”

15:34 20 Noyabr 2023 Jamiyat
570 0

Inson aqlli boʻlishi mumkin, chiroyli, hatto soʻzga chechan, notiq-nuktadon boʻlishi ham mumkin. Ammo kim boʻlishidan qatʼi nazar, odam bolasi shaʼnini yerga urib, tahqirlaydigan birgina qiliq, birgina soʻz yoki nooʻrin kulgi insonning aslida kimligini fosh etib qoʻyadi. “Suf-ye, senga!”, deb yuborganingizni oʻzingiz ham sezmay qolasiz. Bu satrlarni bejiz yozmayapman. Ijtimoiy tarmoqda xususiy telekanallardan biridagi “Yor-yor” koʻrsatuvidan olingan lavhada koʻzi ojiz, aqliy tomondan ham biroz yetishmovchiligi sezilib turgan bir qiz “qiynalib ketdim... erga tegmoqchiman”, deyishi bilan hammamizga tanish boshlovchi xonim birdan qaqqos urib kulishi, rosti, koʻzimga juda xunuk koʻrindi.

Shu oʻrinda aytay: kamina bir jurnalist, oddiy tomoshabin sifatida ana shu “Yor-yor”ga mutlaq salbiy munosabatdaman. Bu haqida bundan uch-toʻrt yil avval, koʻrsatuv efirga yangi uzatilgan paytda ushbu gazetada eʼlon qilingan “Davay pojenimsya yoki oʻzbekcha “Yor-yor” haqida”, degan maqolamda ham toʻxtalgan edim. Birinchidan, bu koʻrsatuv Rossiya telekanallaridan birida koʻp yillardan beri efirga chiqadigan “Davay pojenimsya” koʻrsatuvidan aynan koʻchirma, oʻsha koʻrsatuvga noʻnoqlarcha taqlid. Ikkinchidan, bizning milliy mentalitetimizga mutlaq yot, yarashmagan “yalla”.

Tasavvur qiling, olam olam boʻlib, hech bir oʻzbek qizi yoki yigiti kuppa-kunduzi koʻchaga chiqib, duch kelgan odamga “menga xotin kerak” va yoki “men erga tegmoqchiman”, deganmi, deydimi? Hech ham! Oʻzbekning ori bor, nomusi bor, ibo-hayosi bor. “Kuyib” kul boʻlsa boʻladi-ki, biror oʻzbek bolasi bu gapni hech qachon aytmaydi. Bizda bu ish oʻrtadagi yaxshi insonlar, mahalla-koʻy, qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻlar bosh-qoshligida amalga oshadi. Yigit qizni yoqtirib qolsa, bu haqida hatto eng yaqin insonlari — ota-onasiga ham betma-bet aytmaydi. Qadrdon doʻstiga dilini ochadi. Va u doʻst ota-onani bu haqida ogoh etadi. Soʻng oʻylashib, maslahatlashib, kelin boʻlmishning yetti pushtini surishtirib, bir qarorga kelingach, oʻrtaga sovchi qoʻyiladi. Katta avlod yaxshi biladi. Bizning yoshlik yillarimizda yigit-qiz unashilgandan keyin ham bir-birining hatto koʻchasidan oʻtmagan, bir-birlarining yaqin qarindoshlarini koʻrib qolishsa, oʻzlarini chetga olishgan...

Gap kelganda yuqorida zikr etganim, gazetada eʼlon qilingan maqolam taqdiri haqida ham ikki ogʻiz aytay: ochigʻi, maqola chiqqach, tahririyat ham, muallif sifatida kamina ham oʻsha telekanal mutasaddilaridan joʻyali javob kutgandik. Bunday javob boʻlmadi, hech qanday munosabat ham bildirishmadi. Aksincha, “ana senga!” degandek, haftasiga bir bor efirga chiqadigan “Yor-yor”, deyarli har kuni namoyish etiladigan boʻldi.

Kimdir bu satrlarni oʻqib, “bu koʻrsatuvni koʻpchilik koʻradi, aftidan, oʻzingiz ham koʻrasiz chogʻi”, deya eʼtiroz bildirishi ham mumkin. Toʻgʻri, koʻradi. Har-har zamon oʻzim ham “bu gal qanday “tomosha” koʻrsatishyapti ekan” deb koʻz tashlab qoʻyaman. Olomonchilik. “Bosh koʻtargan har bir jonzot aslo kas emas”, demoqchi, har xil odam bor. Tomoshabin ham turfa xil. Ular orasida umrida qoʻliga na gazeta, na kitob ushlamagan, fikrlashi, dunyoqarashi, maʼnaviy olami haminqadar odamlar ham oz emas. Ular bunday mantiqsiz, saviyasiz, yengil-yelpi, tuturiqsiz, oldi-qochdi koʻrsatuvlarni xuddi komediya koʻrgandek jon deb koʻrishadi. Vaqt oʻtkazish uchun, shunchaki koʻrishadi. “Yor-yor” esa ana shunday koʻrsatuvlarning bittasi, taʼbir joiz boʻlsa, ermaktalablarning yaxshigina ermagi.

Uch nafar koʻrinishdan tuppa-tuzuk odamlar, biri keksa olima, biri qiziqchi artist, oʻrtada soʻzga chechan boshlovchi “erga tegaman, xotin olaman” deganlarni bezatilgan studiyaga chorlab, haligi shoʻrlikni oʻrtaga olib, bachkana, tuturiqsiz savollari bilan “siylab”, ulardan gap olib, gap berib, har bir ishtirokchi ustidan oshkora kulib, yayrab oʻtirishadi. Guyo bu oʻrtakashlar ikki tomonni biriktirib “savobli”, “xayrli” ish qilishyapti. Kechirasiz-u, bu biriktirish emas. Bu insonni tahqirlash, ustidan kulishdan oʻzga narsa emas. Borib turgan bedodlik, sharmandalik!

Balki natijasi yaxshidir, dersiz? Taniqli jurnalist Muazzam Ibrohimovaning maʼlumoti boʻyicha, ana shu uch “hojatbaror” “tupuklab biriktirgan” juftlikning biri — erkak toʻyning ertasi kuni xotinini urib oʻldirgan. Bunday ayanchli, fojeali holatlar afsuski... oz emas.

Oʻylab qolaman. “Yor-yor”dek insoniylikni, urf-odatlarimizni, asriy anʼanalarimizni toptayotgan koʻrsatuvni maʼnaviyatimiz, madaniyatimiz mutasaddilari koʻrisharmikan? Shu oʻrinda donishmand adiblarimizdan birining “boʻronu dovuldan ham, selu toshqindan ham xavfli illat bu — loqaydlikdir”, degan soʻzlari yodga tushadi.

Ushbu maqola qogʻozga tushayotganda Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlar orqali oʻz bayonotini eʼlon qildi. Assotsiatsiya “Yor-yor” koʻrsatuvida nogironligi boʻlgan shaxsning kamsitilganiga oʻz qarshiligini bildirdi. Haqiqatan ham, bu holat hech qanday mantiqqa va mentalitetimizga toʻgʻri kelmaydi. Nogironligi bor insonning ustidan masxaralash bu tubanlik.

— “Yor-yor”da jismoniy yetishmovchiligi bor, nogironligi boʻlgan insonlarning kamsitilishi har qanday kishini taajjublantirishi bilan birga gʻazabini ham qoʻzgʻaydi, — deydi namanganlik yozuvchi Raʼnoxon Asqarova. — Yaqinda berilgan sonida ham koʻrsatuv boshlovchisi taklif etilgan qizga qarata “bu qizimizni yaqinlari unga koʻp savol bilan murojaat qilmasligimizni soʻradilar. Chunki qizning nutqida kamchilik boʻlib, qaysidir harflarni talaffuz qilolmas ekanlar. Men koʻp savol bemayman”, deya oʻz fikriga qarama-qarshi savollarni ustma-ust yogʻdirib tashladi. Oydekkina qiz hijolatdan bosh eggancha “haa”, deyishdan nari oʻtolmadi. Boshlovchi esa savollarni qalashtirishda davom etdi. Taassufki, u qizning “r” harfini aytolmasligini bilgani holda “bor”, deb javob berishini kutardi. Oʻylab qoldim: ushbu boshlovchi bir bechorani millionlar koʻz oʻngida mulzam qilish orqali maʼnaviyat, madaniyat ulashmoqdami?! Nafratlanasan odam...

— Yuzsizlik, odobsizlik, masxarabozlik ayni shu “Yor-yor”da yaqqol kuzatiladi, — deydi andijonlik jurnalist Mahmud Iboyev.

— Bu koʻrsatuv bizning oʻzbek millatiga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi, — deydi shoira Yulduz Alimova. — Qancha tanqid qilinmasin, namoyishi baribir davom etayotgani esa gʻoyat taajjublanarli.

Millionlab tomoshabin koʻradigan televideniye bachkanabozlik, oldi-qochdilar maydoni emas, balki hamyurtlarimizga maʼnaviyat ulashadigan, ularni ezgulikka chorlaydigan, kerak boʻlsa, tarbiyalaydigan dargoh boʻlishi kerak. Biz bir guruh saviyasiz odamlarning haminqadar istagi, “nafsi”ni qondirish yoʻlidan emas, koʻpchilikni maʼnaviy tomondan oʻstiradigan, ezgulik yoʻlidan borishimiz kerak. Odamlarga ergashish emas, balki ularni ergashtira bilishimiz zarur.

Shunday emasmi?

Ortiqali NOMOZOV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер