“Yangiqishloq”da yangi oʻzgarishlar
Foto: Xalq so‘zi
Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanidagi “Yangiqishloq” mahalla fuqarolar yigʻini xodimlari shu paytga qadar eski, hech bir qulayligi yoʻq, koʻrimsiz binoda ishlashga majbur boʻlib kelayotgan edi. Endi esa ularning bu mashaqqati aridi. Bugun bu yerda zamonaviy qiyofadagi mahalla binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Binoda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektori uchun alohida jihozlangan xonalar ajratilgan. Shuningdek, mahalla faollaridan biri Hafiza Tursunovaning tashabbusi bilan bino qoshida kutubxona ham ochildi. Ayni paytda kutubxonada 2 mingga yaqin adabiyotlar jamlangan boʻlib, kitob fondini boyitish, mahalla aholisining barcha qatlam vakillarini kitobxonlikka jalb etish choralariga kirishilgan.
Yangiqishloqliklar uchun quvonch qoʻshaloq boʻldi. Gap shundaki, “Yangiqishloq” va “Urganji” MFY aholisini koʻp yillardan buyon koʻprik muammosi qiynab kelayotgan edi. Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligining tashabbusi, viloyat va tuman hokimliklarining yordami bilan bu muammoga ham ijobiy yechim topildi.
Shunday qilib, ikki qishloqni bogʻlab turuvchi 150 metr uzunlikdagi yangi koʻprik barpo etildi. Buning uchun 3 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring