Yangilanayotgan Gʻozgʻon
Foto: Xalq so‘zi
Gʻozgʻon haqida soʻz ketsa, albatta, undagi bebaho marmarlar tilga olinadi. Zero, Moskva, Praga, Kiyev, Toshkent metropoliteni bekatlari, Sitorai Mohi Xossa majmuasi kabi oʻnlab muazzam inshootlarga Gʻozgʻon marmari bilan zeb berilib, bugun ularning barchasi osori-atiqalar hisoblanadi. Lekin, afsuski, mustaqillik yillari bunyodkorligida Gʻozgʻon marmari bilan goʻzallik kasb etgan biror bir inshootni tilga olishimiz mushkul.
Aslida Gʻozgʻon marmarining qadri tushib, uning noyoblik xususiyatlari yoʻqolgan emas. Faqat toshga ishlov berish texnologiyasi eskirib, mahsulot sifatiga qoʻyilgan talablar oʻzgardi.
— Gʻozgʻon marmari toʻq kulrang, tutunrang, koʻkimtir, qizgʻish, och qizgʻish va baʼzi-baʼzida nafis oqlikdan iborat rangdorligi bilan ajralib turadi, — deydi gʻozgʻonlik mashhur sangtarosh Tohir Rahimov. — Eng muhimi, sovuq va issiqqa chidamli, yuz yilgacha ham sifatini yoʻqotmaydi. Tarkibida temir moddasi kamligi sabab zanglamaydi, yorilmaydi.
Gʻozgʻon marmarining sanoat yoʻli bilan qazib olinishi va ishlov berilishiga oʻtgan asrning 30 yillarida asos solingan boʻlsada, uzoq yillar harsang koʻrinishida olib ketilib, sobiq Ittifoq hududidagi mingdan oshiq yirik qurilishlarga yetkazib berilgan. Faqat oʻtgan asrning 60 yillarga kelib toshga ishlov berish korxonasi barpo etilgan va unda harsanglarning 43 foizigina qayta ishlangan. Mahsulot sifatiga kelsak, qurilish materiallari bozorida toshning serjiloligi uning raqobatbardoshligini taʼminlagan, xolos.
— Prezidentimizning 2018 va 2019-yillarda Navoiy viloyatiga tashriflari chogʻida Gʻozgʻonda marmar va granitga asoslangan qurilish materiallari sanoati bazasini tashkil etish, yuqori infratizimga ega sanoat shahriga asos solish, hududni kompleks rivojlantirish rejasini ishlab chiqish gʻoyasini ilgari surdi, — deydi Gʻozgʻon shahri hokimi Azim Bozorov. — Ushbu gʻoya mamlakatimiz xaritasida yangi shaharva yangi sanoat klasteri paydo boʻlishiga zamin hozirladi. Atigi besh yil ichida koʻz koʻrib, quloq eshitmagan bunyodkorliklar amalga oshirildi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22-iyuldagi «2019-2021-yillarda Navoiy viloyatining Gʻozgʻon shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq sanoat sohalarini rivojlantirish yoʻnalishida «Marmarobod» MCHJ klasterning asosiy boʻgʻini, yaʼni tabiiy toshlarni qazib olib, barcha qayta ishlovchilarni zarur xomashyo bilan taʼminlovchi korxona etib belgilandi. 2019-2020 va 2021-2022 yillarga moʻljallangan ikki bosqichli, jami 64 loyihadan iborat investitsion rejalar majmuasi tasdiqlandi. Unga koʻra marmar va granit qazib olish hajmi qariyb toʻrt, qayta ishlash hajmi esa besh baravarga oshirilishi rejalashtirilgan. Shu asosda jami 14 ta MCHJ tomonidan birinchi bosqichda 52 million, ikkinchi bosqichda 145 million AQSH dollari miqdoridagi investitsion loyihalarni ishga tushirish tasdiqlandi.
Respublika Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyat boʻlimi hamda Gʻozgʻon shahri hokimligi hamkorligida tashkil etilgan press-tur ishtirokchilari dastlab ushbu korxonalardan biri - “Gazgan stone invest” MCHJ qoʻshma korxonasida marmar plitalarni ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi.
Mazkukr korxonaning loyiha qiymati 77,3 mlrd. soʻmni tashkil qilib, yiliga 200 ming kub metr marmar plitalar ishlab chiqarish quvvatiga ega. U Italiyadan keltirilgan eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangani ishlab chiqarishda yuqori sifat va samaradorlikni taʼminlaydi. Stanoklarning deyarli barchasida toshga kompyuter dasturlari asosida ishlov berilib, frezer stanogida plitalar lazer yordamida kesiladi. Shuning evaziga inson omiliga ehtiyoj qisqartirilib, bu yakuniy natija – mahsulot tannarxida oʻz aksini topmoqda.
— Ushbu korxonaga ishga kelganimga yarim yilcha boʻlib qoldi, — deydi operator Oʻtkirjon Ummatov. — Ishlab chiqargan mahsulotlarimiz hozircha asosan Hamdoʻstlik mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Gʻozgʻonni bugun chinakam qurilish maydoniga qiyoslash mumkin. Shahar zamonaviy shaharsozlik meʼyorlari asosida butunlay yangi qiyofa kasb etib bormoqda. 19 kilometrdan toza ichimlik suvi keltirilib, oʻnlab kilometrlik ichki koʻchalarga asfalt yotqizildi. Yuqori tezlikdagi Internet, zamonaviy yuz oʻrinli oilaviy poliklinika ishga tushirildi. Maʼmuriy binolar, madaniy-maishiy inshootlar bunyod etilmoqda. Shuningdek, shaharda kon sanoati korxonalari bilan bir qatorda gʻozgʻonlik ayollarni ish oʻrinlari bilan taʼminlash maqsadida 150 oʻrinli “Premier textile” xususiy korxonasi ishga tushirilib, trikotaj mahsulotlari eksporti yoʻlga qoʻyildi.
— Bu yerda ish boshlaganimga ikki yil boʻldi, — deydi tikuvchi Asaloy Haqberdiyeva. — Bir kunda 300 ga yaqin tikuv mahsuloti topshiraman. Korxona ochilgunga qadar ishsiz edim.
Taʼkidlash joiz, mamlakatimiz rahbari topshiriqlari asosida qabul qilingan qarorlar ijrosining toʻliq taʼminlanishi Gʻozgʻonda 10,0 mingta ish oʻrnini yaratish imkoni beradi. Bugun shahar aholisi 8 ming 400 kishi ekanini inobatga olsak, yaqin kelajakda Gʻozgʻon mehnat resurslari jalb etuvchi hududga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Albatta, mazkur omil shahardagi 1,6 mingdan ortiq xonadonlarda istiqomat qiluvchi 2,4 mingta oilaning yashash sharoitlarini yaxshilash, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanishida muhim asos boʻladi.
Press-tur ishtirokchilari shahardagi koʻkalamzorlashtirish ishlarini ham koʻzdan kechirdilar. Bu yerda shu kunga qadar 3 yarim ming tup daraxt koʻchatlari ekilib, yer osti quduqlari orqali sugʻorish tizimi yaratilgan. Shuningdek, jurnalistlar «Tashabbusli byudjet» loyihasi asosida 16 ta zamonaviy kompyuter, 4 ta printer va elektron doskaga ega boʻlgan hududdagi 3-umumtaʼlim maktabida, soʻng maktabgacha taʼlim muassasalarida boʻlib, yaratilgan sharoitlarni yaqindan oʻrgandilar.
— Ming qatla shukr, mana shunday dorilomon kunlarni koʻrdik, — deydi joriy yil umrining bir yuz ikkinchi bahorini qarshi olgan faxriy Tursunqul bobo Ergashev. — Ikki yil avval respublikamizning toʻrtta viloyatini aylanib keldim. Qayerga bormay, qurilishlarning ustidan chiqaman. Bu nimadan dalolat, yurtda tinchlik, ahillik barqarorligi, inson qadr topayotganligidan dalolat.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi asosida Gʻozgʻon shahrida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar ishlab chiqarishga eng ilgʻor texnologiyalarni jalb etib, xaridorgir mahsulotlarning yaqin va olis xorij bozorlariga chiqishini taʼminlash orqali hudud iqtisodiyoti barqarorligi va aholi farovonligini oshirish imkonini yaratmoqda.
Temur ESHBOYEV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring