“Yangiariq” dala oʻquv maydonida navbatdagi yigʻin oʻtkazilmoqda

11:29 26 Noyabr 2023 Jamiyat
175 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Xorazm viloyatida joylashgan “Yangiariq” dala oʻquv maydonida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda davlat tashkilotlari rahbarlari ishtirokidagi bir necha kunlik harbiy yigʻin oʻtkazilmoqda. Yigʻin davomida ishtirokchilar jangovar tayyorgarlik boʻyicha nazariy va amaliy bilimlarini yanada mustahkamlaydilar, mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishadilar.

— Bugungi kunda mamlakatimiz suvereniteti va hududiy yaxlitligi, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlash, eng qimmatli boyligimiz — jamiyatimizdagi tinchlik va totuvlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini barchamiz chuqur anglaymiz, — deydi yigʻin ishtirokchisi Jahongir Nazarov. — Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida yuz berayotgan notinchliklar, qurolli toʻqnashuvlar har bir suveren davlatdan mudofaa qobiliyatini oshirish, harbiy salohiyatini yuksaltirishga eʼtiborni kuchaytirishni taqozo etmoqda. Xavfsizlikka tahdidlarga qarshi samarali kurash olib borish, Qurolli Kuchlarimiz bilan hamkorlikni mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda davlat boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbar xodimlari ishtirokida oʻtkaziladigan bunday yigʻinlar muhim ahamiyat kasb etadi. Mashgʻulotlarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun “Yangiariq” dala oʻquv maydonida barcha sharoitlar, imkoniyatlar yetarli. Taʼkidlash kerak, ushbu dala oʻquv maydonida Hindiston, Pokiston, Qozogʻistonning harbiy boʻlinmalari bilan xalqaro harbiy yigʻinlar muvaffaqiyatli oʻtkazilgan.

Yigʻin arafasida “Yangiariq” dala oʻquv maydonida zamonaviy loyiha asosida barpo etilgan, 250 oʻrinli Maʼnaviyat markazi binosi foydalanishga topshirildi. Ushbu markaz umumqoʻshin poligonida jangovar mahoratini oshirayotgan harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy yigʻinlar ishtirokchilarining maʼnaviyatini yuksaltirish, ijtimoiy-siyosiy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

                                                              Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер