Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada advokaturaning oʻrni

07:03 12 May 2023 Jamiyat
1995 0

Advokatura zimmasiga jismoniy va yuridik shaxslarga malakala yuridik yordam koʻrsatish, shaxsning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishdek muxim konstitutsiyaviy vazifa yuklatilgan.

Bugungi kunda Respublikamizda 5000 ga yaqin advokatlar faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim maqsadi odil sudlovni amalga oshirishda advokaturaning oʻrnini mustahkamlashdan iborat.

Sud jarayonlarida himoya va ayblov tarafining tengligini taʼminlash odil sudlovning muhim shartlaridan biridir. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasida sud protsessining ayblov tarafi hisoblangan prokuratura institutiga oid qoidalar alohida bobda batafsil berilgan, biroq, advokaturaga oid qoidalar Konstitutsiyaning 116-moddaning tarkibida bir jumla sifatida keltirib oʻtilgan edi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada esa advokaturaning maqomi yanada mustahkamlanib, “Advokatura” nomli alohida 24-bob bilan toʻldirildi.

Advokatura sohasining prokuratura singari Konstitutsiyada alohida bobda berilishi ularning Konstitutsiyaviy maqomini, sohaning jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Shu oʻrinda yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan advokaturaga oid qoidalarni tahlil qiladigan boʻlsak, loyihaning 141-moddasida muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam koʻrsatish uchun advokatura faoliyat koʻrsatadi.

Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish prinsiplariga asoslanadi.

Advokaturani tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.

Ushbu moddada advokaturaning faoliyati qonuniylik, mustaqillik va oʻzini oʻzi boshqarish tamoyillariga asoslanishi Konstitutsiya darajasida mutahkamlanmoqda.

Bunda, advokatura faoliyatining qonuniyligi deganda advokatlik faoliyati faqat qonunga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshirilishi tushuniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-moddasiga asosan, advokatning mustaqilligi:

unga qonunda belgilangan tartibda advokatlik faoliyatini amalga oshirish uchun ijozat berish, bu faoliyatni toʻxtatib turish va tugatish;

advokatning daxlsizligi;

advokatlik sirini oshkor etishni talab qilishni man etish;

advokat olib borayotgan ishlarga aralashganlik yoxud advokatning daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlik;

davlat tomonidan unga advokatlik faoliyati kafolatlari berilishi hamda ijtimoiy himoyalanishi orqali taʼminlanadi.

Advokaturaning oʻzini oʻzi boshqarish deganda Oʻzbekistonda xususiy advokatlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi advokatlar oʻz faoliyatini nodavlat kasbiy birlashma orqali boshqarishi, ularning boshqaruviga oid masalalarga davlatning aralashuviga yoʻl qoʻyilmasligi tushuniladi.

Bugungi kunda Advokatlar palatasi oʻzining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy boshqarmalari bilan birgalikda advokaturaning yagona oʻzini oʻzi boshqarish tizimini tashkil etadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 142-moddasiga asosan, advokat oʻz kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Advokatga oʻz himoyasidagi shaxs bilan toʻsiqlarsiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar taʼminlanadi.

Advokat, uning shaʼni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida boʻladi va qonun bilan muhofaza qilinadi.

Advokatning kasbiy faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi kuchli advokatura tizimini yaratishning asosiy omili boʻlib xizmat qiladi. Ushbu qoida “hech bir idora advokatlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilmasligi shart” degan gʻoyaning konstitutsiyaviy ifodasidir. Ushbu norma sud protsessida advokat prokuror bilan tengma-teng munozaraga kirishishini taʼminlaydi, ish boʻyicha dalillarni toʻplash va taqdim etish faoliyatiga aralashmaslik natijasida advokaturaning huquqiy holati mustahkamlanadi.

Advokatlik faoliyatidagi erkinlik va har qanday toʻsiqlarni bartaraf etish, nafaqat advokatning ishini yengillashtiradi, balki advokat himoya qilayotgan shaxsning qonuniy huquq va manfaatlarini yanada taʼminlaydi.

Bugungi kunda Konstitutsiyaga kiritilgan koʻplab oʻzgarishlar qatorida ushbu yangilik mamlakatimiz advokatlar hamjamiyatini quvontirganligini eʼtirof etish lozim. Chunki, advokatura va advokatlik faoliyatining huquqiy maqomi Konstitutsiyamizning aloxida bobida belilanayotganligi advokatlarning jamiyatdagi mavqeini yuqori darajada koʻtarilayotganligini anglatadi.

Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Konstitutsiya advokat, uning shaʼni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoya qilishini, odil sudlovni taʼminlovchi muhim shaxs sifatida advokatlar maqomini oliy yuridik kuchga ega hujjat Konstitutsiya darajasida mustahkamladi.

Yoqutxon Yusupova,

Adliya vazirligi Notariat, advokatura va huquqiy xizmatlar boshqarmasi

bosh maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер