Yangi savdo majmuasi foydalanishga topshirildi

14:38 27 Avgust 2024 Jamiyat
243 0

Said DONISHEV/“Xalq soʻzi”. Soʻnggi yillarda aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qiladigan infratuzilmalar yaratilmoqda. Jizzax viloyatining Arnasoy tumani ham bu oʻzgarishlardan chetda qolayotgani yoʻq. Hududda yuqori sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmi oshib bormoqda. Yetishtirilgan mahsulotlarni aholiga tez va sifatli yetkazib berish har qachon dolzarb masala boʻlib kelgan. Bu jarayonda esa aholi turmush tarzining bir boʻlagiga aylanib ulgurgan bozorlarning ahamiyati katta.

Arnasoy tumanining “Choʻlquvar” MFY hududida mazkur tuman hokimligi bilan hamkorlikda BMB HOLDING tomonidan zamonaviy savdo majmuasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Majmua ham ulgurji, ham chakana savdo qilishga ixtisoslashgan boʻlib, yuzdan ortiq savdo rastalarini oʻzida jamlagan. Tadbirkorlar va mahalliy aholi endilikda turli xildagi qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar hamda xoʻjalik mollari savdosini ulgurji hamda chakana narxlarda amalga oshirishlari mumkin.

Taʼkidlash joizki, BMB HOLDING rahbariyati Prezidentimizning tadbirkorlar xalqqa madadkor boʻlishi kerakligi haqidagi tashabbuslarini kompaniya tashkil topgan kundan boshlab qoʻllab-quvvatlab uni amalda ham koʻrsatib kelmoqda. Xususan, koʻplab chekka-chekka hududlarning infratuzilmasini yaxshilashga, qishloq yoʻllarini zamon talablariga moslashtirishga hamda intensiv dehqonchilikni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshildi, elektr va suv tarmoqlari tortildi.

Bu gal tuman markazidan uzoqda istiqomat qiladigan, savdo markaziga ehtiyoji bor Arnasoy xalqiga yurtimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida tuhfa sifatida ushbu majmua foydalanishga topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер