Yangi Qonun bilan qator oʻzgartishlar kiritildi
Oliy Majlis Senatining toʻrtinchi yalpi majlisida “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuni maʼqullangan edi.
Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasi bekor qilingan.
Bundan tashqari, notarial amaliyotda, xususan, bitimlarni tasdiqlaganlik va meros ishlarini rasmiylashtirganlik uchun davlat bojini undirishning oʻziga xos xususiyatlariga aniqlashtiruvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan. Notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan ayrim davlat boji toʻlovlaring miqdorlari optimallashtirilishi ham nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, advokatlik tuzilmalari, ularning taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar, yuridik maslahatxonalarning nizomlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik hamda yuridik maslahatxonalarni hisobga olganlik uchun undiriladigan davlat boji stavkalari boʻyicha qoʻshimcha kiritilgan.
Muxtasar qilib aytganda, mazkur Qonun davlat boji stavkalarining optimallashtirilishi va uni undirishning oʻziga xos xususiyatlari aniqlashtirilishiga xizmat qiladi.
Baxtiyor UMAROV, Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring