Yangi Oʻzbekistonning оbod Uygʻursoyi

09:45 06 Oktyabr 2022 Jamiyat
665 0

Foto: Xalq so‘zi

Namangan viloyatining Pop tumani markazidan ancha uzoqlikdagi Uygʻursoy mahallasi qisqa vaqt ichida qiyofasi butunlay oʻzgarib, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratilgan koʻrkam maskanga aylandi. Vaholanki, bundan bor-yoʻgʻi yarim yil avval bu yerda yashovchilar oʻtgan asrning ellik-oltmishinchi yillarida qurilgan va uzoq vaqt taʼmir koʻrmagani uchun abgor holga tushgan koʻp qavatli turarjoylar, madaniy-maishiy binolardan iborat mahallamizga qachon son kiradiyu, deya deyarli umidsizlikka tushib qolgan edi. Endi ahvol butunlay oʻzgargan, eʼtiborga muhtoj manzil bugun zamonaviy shaharcha koʻrinishida.

Bunyodkorlikning katta yumushlari tarixga muhrlanadi. Yangilangan Uygʻursoy ham kecha butun tuman ahlini oʻz bagʻriga chorladi. Koʻrkamlashgan maskanning ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general mayor Aziz Ikramov, Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov, viloyat hamda tuman sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

— Rostini aytganda hayoti qayta jonlanishi kerak boʻlgan, suv, elektr, tabiiy gaz, yoʻli muammoga aylangan ushbu mahallaning bir kun kelib fayzli obod shaharchaga aylanishiga, hatto shu yerdagilarning oʻzi ham ishonmasdi, — dedi viloyat rahbari.

Hammasi joriy yil boshida viloyat boʻyicha 28 ta sharoiti ogʻir hududlardagi mahallalarni rivojlantirish boʻyicha alohida Hududiy dastur qabul qilinishi bilan boshlandi. Unga Uygʻursoy MFY ham kiritilib, ichimlik va oqava suvi, elektr taʼminotini yaxshilash, ichki yoʻllar hamda koʻp qavatli uylarni taʼmirlash ishlari jadal boshlab yuboriladi. Bu yerda 23 milliard soʻmlikdan ziyod hajmda bunyodkorlik tadbirlarini bajarishga toʻgʻri keldi. Tajribali quruvchilar, zarur texnika vositalari ajratilib, 10 kilometr uzunlikda ichki yoʻllarga shagʻal toʻkildi, 2 kilometri sement beton qoplamasi bilan yangidan qurildi, bir kilometr ichki yoʻlga asfalt yotqizildi, 18 kilometrlik ichimlik suv tarmogʻi tortildi va bitta suv inshooti qayta rekonstruksiyadan chiqarildi. Bundan tashqari 2,1 kilometr elektr tarmogʻi yangilanib, 2 dona qoʻshimcha quvvat transformatori oʻrnatildi, 70 dona eskirgan tayanch ustunlarni yangilariga almashtirildi. Koʻchalar boʻylab piyodalar yoʻlakchasi barpo etildi, tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi.

Homiylik mablagʻlari hisobidan 29 ta koʻp qavatli uylarda mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Bu masalada mahallaga viloyat va tumandagi qator tashkilot va korxonalar, tadbirkorlik subyektlari yordam qoʻlini choʻzdilar.

Ichki ishlar vazirligining tashabbusi bilan 5 milliard soʻm mablagʻ hisobiga aholi bandligini taʼminlash va yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida sport (workout, voleybol, basketbol hamda futbol) maydonchalari barpo etilganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir. Uzoq yillar davomida qarovsiz qolib, achinarli holatga tushgan Madaniyat uyi qayta taʼmirlanib, muhtasham Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga aylantirildi. Hududdagi oilaviy shifokorlik punkti ham taʼmirdan chiqqan. Endilikda mahalladagi maktabgacha taʼlim muassasasi va umumiy oʻrta taʼlim maktabi binolari ham kapital rekonstruksiya qilinadi.

Uygʻursoydagi xayrli ishlarning davomi ochiq. Taqdimot marosimida yaqin vaqt ichida yana 5 milliard soʻmdan ortiq sarmoya yoʻnaltirilib, aholini bandligini taʼminlashga xizmat qiluvchi ishlab chiqarish korxonalari hamda xizmat koʻrsatish shaxobchalari barpo etish koʻzda tutilganligi alohida taʼkidlandi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер