Yangi Oʻzbekiston yoshlarini tarbiyalash – sharafli vazifa
Dunyoda kasblar koʻp. Ularning ichida eng sharaflisi va ulugʻi, shubhasiz, oʻqituvchi va murabbiylikdir. Quvonarlisi, keyingi yillarda mamlakatimizda ushbu kasb egalari chinakam maʼnoda hurmat va eʼtiborga sazovor boʻlmoqda. Shunga monand ravishda har yili Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayrami oʻzgacha bir kayfiyatda nishonlanishi yaxshi anʼanaga aylandi.
Bu yilgi bayram arafasida Prezidentimiz taʼlim sohasi vakillari bilan samimiy muloqot oʻtkazdi. Uchrashuvda davlatimiz rahbari tomonidan alohida qayd etilganidek, bugun barcha sohalardagi islohotlar inson qadri, uning huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan. Shu sababli bosh maqsadi yangi zamon kishisini, Yangi Oʻzbekiston yoshlarini tarbiyalash boʻlgan taʼlim va tarbiya sohasi uchun bu vazifa alohida ahamiyat kasb etadi.
Hayotbaxsh islohotlar taʼlimning barcha boʻgʻini, xususan, oliy taʼlimda ham yaqqol namoyon boʻlib, bunday yangilanish va oʻzgarishlar professor-oʻqituvchilar faoliyati, talabalarning ertangi kun istiqboli yoʻlida orzu-maqsadlarida aks etmoqda. Fargʻona davlat universitetida ham davr talabi va ehtiyoji asosida moddiy-texnik baza yaxshilandi, mehnat bozorida raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash, jahonning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan faol hamkorlik qilish eng muhim ustuvor vazifalar sirasiga kiritildi.
Shu maqsadda yangi taʼlim yoʻnalishlari ochildi, oʻquv dasturlari yangilandi, nazariy bilimlar va amaliyotni uygʻunlashtirish boʻyicha milliy andoza hamda xalqaro ilgʻor tajribalar tobora ommalashib bormoqda. Bu esa, oʻz navbatida, taʼlim dargohining ilmiy salohiyati yuksalishi, intiluvchan va isteʼdodli oʻqituvchilar, yosh olimlar shakllanishida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Qirq yildan ziyod vaqt mobaynida mehnat va ilmiy faoliyatim qadrdon Fargʻona davlat universiteti bilan bogʻliq. Hozirgi kunda ham ona tili va adabiyot fani boʻyicha mutaxassislar tayyorlash borasida sidqidildan faoliyat olib bormoqdaman.
Kasb bayramimiz arafasida davlatimiz rahbari Farmoniga koʻra, “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlanganim uzoq yillik kamtarona faoliyatimga berilgan yuksak bahodir. Bunday ishonchga munosib boʻlish uchun yanada astoydil ishlashdan aslo charchamayman.
Siddiqjon MOʻMINOV,
Fargʻona davlat universitetining
tilshunoslik kafedrasi professori,
“Doʻstlik” ordeni sohibi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring