Yangi oʻquv yilidan chet tili oʻqituvchilarini ishga qabul qilishda B2 daraja talab qilinadi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi 312-sonli Qarori qabul qilingan.
Mazkur Qarorning 9-bandiga muvofiq, 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab, davlat taʼlim muassasalarining xorijiy tillar oʻqituvchilari lavozimlariga ishga yangi qabul qilinayotgan talabgor kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozimligi belgilangan.
Oʻtgan yili maktablarda xorijiy tillarni oʻqitish jarayonining davomiyligini taʼminlash, oʻqituvchilarga imkoniyat yaratish maqsadida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlmagan chet tili fani oʻqituvchilarini ishga qabul qilinmaslik xususidagi talab 2023/2024-oʻquv yilidan kuchga kirishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 19.05.2021-yildagi PQ-5117-sonli Qarorida 15 ta milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega xorijiy tillar (ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu, hind tillari) xorijiy til sifatida koʻrsatilgan.
Shunga koʻra, 2023/2024-oʻquv yilidan boshlab yangi ishga kirayotgan xorijiy tillar oʻqituvchilaridan B2 darajadagi sertifikat talab etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring