Yangi oʻquv yilida Navoiyda 7858 ta oʻquvchi oʻrni yaratildi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. “Bilimlar kuni”da Navoiy viloyatining 378ta umumtaʼlim maktabida birinchi qoʻngʻiroq sadolari yangrab, 19600 nafar oʻgʻil-qiz ilk bor maktab ostonasidan hatladi.
Viloyatda yangi oʻquv yiliga puxta hozirlik koʻrilib, 32 ta umumtaʼlim maktablarida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada, 7 858 ta oʻquvchi oʻrni yaratilib, mazkur bunyodkorlik ishlariga respublika va mahalliy byudjetdan 229,0 mlrd.soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Quruvchilar yangi oʻquv yiliga tuhfa etgan 23 maktab Navoiy shahrining “Yoshlik” mahallasida ishga tushirilib, u Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasining 20 mlrd.soʻm homiylik mablagʻlari hisobidan bunyod etildi.
Zamonaviy koʻrinishdagi maktab 660 oʻquvchi oʻrniga ega boʻlib, zamon talabi asosida taʼlim berish uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Taʼlim dargohining taqdimot tantanalarida viloyat hokimi oʻquvchilar va ularning ota-onalari hamda maktabning pedagoglar jamoasini “Bilimlar kuni” bilan qutlab, soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, fuqarolarning bugunidan rozi boʻlib yashashlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, yoshlarning barkamol, bilimli, sogʻlom boʻlib voyaga yetishlarida barcha resurslarni safarbar etilishi oʻz mevasini koʻrsatayotganligini taʼkidladi.

— Xususan, bitiruvchilarimizdan 1962 nafari jahonning va respublikamizning top-universitetlari va institutlariga turli yoʻnalishlar boʻyicha muddatidan oldin talaba boʻlganligi fikrimizning yaqqol dalilidir, — dedi viloyat hokimi Normat Tursunov. — Shuningdek, nufuzli va mintaqaviy fan olimpiadalarida viloyatimiz oʻquvchilari tomonidan 2023-2024 oʻquv yilida jami 49 ta medal qoʻlga kiritildi.
Taqdimot tantanalaridan soʻng, maktabda “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostida mustaqillik darslari oʻtkazildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring