Yangi oʻquv yili uchun 1-sinfga qabul tartibi belgilandi
Illyustrativ foto
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining tegishli buyrugʻi bilan 2026–2027 oʻquv yilida umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 1-sinfiga qabul jarayonlarini tashkil etish tartibi tasdiqlandi.
Mazkur hujjatga koʻra, 1-sinfga qabul qilish boʻyicha davlat xizmati orqali amalga oshiriladigan tuman (shahar)lar soni 64 tadan 135 taga, umumiy oʻrta taʼlim maktablari soni 1956 tadan 5689 taga yetkazilgan.
Shuningdek, buyruqqa muvofiq, 2026–2027 oʻquv yilida davlat umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 1-sinfiga qabul boʻyicha davlat xizmati joriy etiladigan tuman (shahar)lar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
Qabul jarayoni davlat xizmati Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining elektron davlat xizmatlari portali (my.maktab.uz) orqali 2026-yilning 20-iyunidan – 31-iyuliga qadar biriktirilgan mikrohudud doirasida hamda 1-31-avgustga qadar mikrohududdan tashqari hududlardan amalga oshiriladi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, 1-sinfga bolalar ular yetti yoshga toʻladigan yilda qabul qilinadi. Yaʼni, 2026–2027 oʻquv yilida 2019-yil 31-dekabrga qadar tugʻilgan bolalar maktabga qabul qilinadi.
Davlat xizmati joriy etilmagan hududlardagi maktablarda qabul jarayonlari anʼanaviy tartibda amalga oshiriladi. Bunda qabul maktab rahbarlari tomonidan tashkil etiladi va qabul qilingan oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vazirlikning adm.maktab.uz elektron tizimiga kiritiladi.
Bolalarni 1-sinfga qabul qilish boʻyicha maʼlumotlar (qabul rejasi, qabul vaqtlari, biriktirilgan mikrohudud, davlat tilidan boshqa til boʻyicha sinflar tanlangan taqdirda, bolaning boshlangʻich soʻzlashuv koʻnikmasini baholash boʻyicha savolnoma) maktab binosining barcha uchun koʻrinarli joyiga osib qoʻyiladi.
Qabul qilish muddati tugagandan soʻng, umumiy oʻrta taʼlim maktablari tomonidan mikrohudud va mikrohududdan tashqari oʻquvchilar qabul qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bundan tashqari, 2026-yil 10-avgustga qadar 1-sinfga qabul qilingan va adm.maktab.uzʼga kiritilgan bolalar soni boʻyicha 12 nomdagi oʻquv qurollaridan iborat Prezident sovgʻalarini tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlariga toʻliq yetkazilishi rejalashtirilgan.
Ushbu jihozlar 20-avgustiga qadar adm.maktab.uzʼga kiritilgan bolalar soniga mos ravishda umumiy oʻrta taʼlim maktablariga tarqatilishi belgilangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring