Yangi oʻquv binosi hamda yotoqxona qurilmoqda
Foto: Xalq soʻzi
Kattaqoʻrgʻon shahrida soʻnggi ikki yilda taʼlim sohasida qurilish-bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda. Umumtaʼlim maktablari va oliy oʻquv yurtlari uchun yangi binolar qurilishi bunga misol boʻla oladi.
— Filialimizda 14 ta taʼlim yoʻnalish boʻyicha 1300 dan ziyod talaba tahsil olmoqda, — deydi Samarqand davlat universiteti Kattaqoʻrgʻon filiali direktori Sherzod Oʻroqov. —Muassasamiz faoliyatini kengaytirish maqsadida 1000 oʻrinli yangi oʻquv hamda 500 oʻrinli yotoqxona binolari qurilishi oʻtgan yili boshlanib, shu kunlarda yakuniga yetkazilmoqda.
Bu binolarning yangi oʻquv yili arafasida foydalanishga topshirilishi kelgusida filialda taʼlim sifatini oshirish hamda Samarqand viloyati, shuningdek, Kattaqoʻrgʻon shahriga yondosh boʻlgan tumanlarda kadrlar tayyorlash infratuzilmasini rivojlantirishga munosib hissa boʻlib qoʻshiladi.
Shahardagi 12- va 20-umumtaʼlim maktablarida ham qurilish-taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilyapti. Ingichka massividagi 12-maktab rekonstruksiya qilinib, 140 oʻrinli qoʻshimcha bino qurilayotir. Buning uchun 2 milliard 842 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Bu kabi ishlar “Chinobod” mahallasida ham izchil davom ettirilmoqda. Hududdagi 20-maktab oʻquvchilari oʻquv yilini yangi binoda boshlashadi.
— Bu yerda 360 oʻrinli oʻquv binosini quryapmiz. Obyektning loyiha qiymati 3 milliard 900 million soʻmni tashkil etadi, — deydi “Stroy qoʻrgʻon biznes” MCHJ menejeri Olim Ochilov. — Qurilishga 50 ga yaqin ishchilar jalb qilingan va barcha sharoitlar yaratilgan. Taʼlim muassasasini shu yilning oktyabr oyida foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring