“Yangi nafas” yangi marralarga chorlaydi
Foto: Xalq so‘zi
“Bir vatanda, bir vaqtda, bir xil masofaga, bir maqsadda - birga yuguramiz!” shiori ostida oʻtkazilgan yugurish marafoniga ana shunday oʻziga xos nom berilgani bejiz emas. Zero, bunday ommaviy sport tadbirlari kishiga jismoniy quvvat, salomatlik ato qilishi barobarida yurtdoshlarimizning yagona maqsad yoʻlidagi hamjihatligini, yangi-yangi marralarga intilayotgan yoshlarimizning gʻayrat-shijoatini ham namoyish etadi. Guliston shahrida oʻtkazilgan musobaqada ham bu jihatlar yaqqol namoyon boʻldi.

Garchi ushbu tadbir yurtimizda 30-iyun — “Yoshlar kuni” bayrami doirasida tashkil etilgan boʻlsada, unda navqiron avlod vakillari safida bolalar, yoshi ulugʻlar, nogironligi borlar, ayollar, oʻnlab tashkilot, muassasalar jamoalari vakillari, qoʻyingki, minglab yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.
Masalan, xovoslik oltmish uch yoshli Joʻraqul Moʻminov nafaqat ishtirokchi, balki musobaqa sovrindorlaridan biri ham boʻldi. Oʻn toʻqqiz yoshli Oʻrozali Boyqulov esa nogironlik aravachasida marraga yetib keldi. Navqiron yigit poyabzal ustasi boʻlib ishlar ekan.
— Juda xursandman, — deydi Oʻrozali Boyqulov. — Negaki, minglab odamlar safida boʻldim, barcha qatori musobaqada ishtirok etdim, sovrindor ham boʻldim.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Dilnoza Umrzoqovaning maʼlum qilishicha, ommaviy yugurishda 110 nafar nogironligi bor yurtdoshlarimiz ham qatnashdi.
“Yangi nafas” musobaqasi gʻoliblari esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandilar.
Aytganday, marafonda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev ham start chizigʻidan marragacha yugurib keldi.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring