Yangi koʻpriklar aholi hayotini yengillashtirmoqda
Togʻli hududlarda aholi qatnovini xavfsiz va barqaror taʼminlash maqsadida Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanidagi Toʻxtamish mahallasi hududidan oqib oʻtuvchi Vaxshivorsoy sel suvlari ustida zamonaviy koʻprik barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Sel xavfi, mavsumiy yogʻingarchiliklar va murakkab relyef koʻp yillar davomida mahallalar oʻrtasidagi transport qatnovida qiyinchiliklar tugʻdirib kelar edi. Ayniqsa, bahor oylarida sel oqimlari avvalgi koʻpriklarning ishonchliligini sinovdan oʻtkazib, aholi harakatiga jiddiy toʻsiq boʻlardi.

Yangi barpo etilgan koʻprik zamonaviy qurilish talablari asosida mustahkam beton devorlar bilan jihozlandi. Uning uzunligi 12 metr, eni 7,5 metr, balandligi esa 7 metrni tashkil etadi. Mazkur inshoot Toʻxtamish, Chuqur Obshir, Zardaqul, Chinor, Bodihavo kabi qishloqlarda istiqomat qilayotgan 15 mingdan ziyod aholini tuman markazi bilan bogʻlab turadi. Endilikda yilning barcha fasllarida ham xavfsiz va barqaror qatnov imkoniyati taʼminlanmoqda.
Loyiha Oliy Majlis huzuridagi fuqarolik institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining 150 million soʻm granti, aholi mablagʻlari va tuman hokimligi koʻmagi asosida amalga oshirildi. Bunyodkorlik jarayonida hashar anʼanasi keng qoʻllanilib, mahalla ahlining faol ishtiroki bilan ish sifatli va qisqa muddatda yakunlandi.

Tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Otabek Mavlyanov, Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulhakim Eshmuratov, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
— Togʻli hududlarda infratuzilmani rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib, bu bevosita aholining hayot sifatiga taʼsir qiladi, — deydi xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Akrom Turdiyev. — Bugun ishga tushirilgan koʻprik nafaqat transport qulayligi, balki ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, taʼlim va tibbiyot xizmatlariga tezkor yetib borish imkoniyatini ham kengaytiradi. Bu kabi loyihalar orqali chekka hududlar ham rivojlanish jarayonidan ortda qolmayapti.
Shu kabi ezgu tashabbuslar doirasida tumandagi Gulobod mahallasida ham yangi koʻprik foydalanishga topshirilib, aholi uchun muhim qulayliklar yaratildi.

Gulobod mahallasidagi inshoot ichki yoʻllar oʻrtasidagi bogʻlanishni yaxshilab, harakat xavfsizligini sezilarli darajada oshirdi. Endilikda mahallada transport qatnovi barqarorlashib, kundalik harakat ancha yengillashdi. Ayniqsa maktab oʻquvchilari, tibbiy yordamga muhtoj fuqarolar va keksalar uchun sharoit sezilarli yaxshilandi.
— Oldin yomgʻirli yoki selli kunlarda koʻprikdan oʻtish ancha qiyin edi, — deydi Gulobod mahallasi oqsoqoli Pirnazar Poyonov. — Bugun esa bu muammo bartaraf etildi. Eng muhimi, Prezidentimizning olis hududlarga boʻlayotgan eʼtiborini har bir xonadon his etmoqda. Bunday bunyodkorlik ishlari nafaqat infratuzilmani, balki odamlarning ertangi kunga ishonchini ham mustahkamlayapti.
Bunday amaliy loyihalar hududlarda infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish va olis qishloqlarni markazlar bilan yanada yaqinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring