Yangi yil arafasida jahonobodliklarning eski muammosi barham topmoqda
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyati Rishton tumanida oʻnlab mahallalar boʻylab Katta Fargʻona kanali oqib oʻtadi. Tuman markaziga borish, hududlar oʻrtasidagi masofalarni qisqartirish, boshqacha aytganda, odamlarning uzogʻini yaqin qilishda, tabiiyki, kanal ustiga qurilgan koʻpriklar qoʻl keladi.
Tumanning «Jahonobod» MFY aholisi koʻp yillar mobaynida kanal ustiga qurilgan va haligacha foydalanishda boʻlgan eski, yaroqsiz holga kelib qolgan koʻprik masalasida qiynalar edi.

Mahalla ahli ushbu muammo yuzasidan Rishton tuman hokimi qabulida boʻlib, bu koʻprikdan yosh bolalar, keksalar, ayollar oʻtishga majburligi va ular bilan bogʻliq noxush hodisalarning oldini olish uchun koʻprikni yangilash zarurligini aytishdi. Murojaatni ijobiy hal etish maqsadida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida eski koʻprik butkul buzib tashlanib, oʻrniga keng va mustahkam yangi koʻprik qurish ishlari olib borilyapti.
— Ayni kunlarda Jahonobod va Suxobod mahallasi aholisini tuman markazi bilan bogʻlab turuvchi Katta Fargʻona kanali ustidagi mazkur koʻprik qurilishi jadal davom etmoqda, —deydi «Jahonobod» MFY raisi Rasuljon Ibrohimov. — Buning uchun mahalliy byudjetdan 2,5 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring