“Yangi hayot”liklar yangi hayot ostonasida

16:41 31 May 2023 Jamiyat
680 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Navbahor tumanining   “Yangi hayot” mahalla fuqarolar yig‘inida 2137 nafar yurtdoshimiz istiqomat qiladi. Rasmiy statistikaga ko‘ra mehnat layoqatli aholining 73 nafari ishsiz. Qishloqda 624 oila  mavjudligini inobatga olsak, bu unchalik ko‘p emas. Lekin ushbu raqami ortida  kishilar hayoti, ularning  bugungi hayotidan mamnunligi, ertangi kunga ishonchi turganligini hisobga olinsa, o‘ta dolzarb ijtimoiy muammo  ekanligi ma’lum bo‘ladi. 

  Shu bois yaqinda “Yangi hayot”  MFYda ishsiz fuqarolarning  bandligini ta’minlash, shuningdek imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkada 24 ta davlat korxonasi 126, xususiy sektor esa  164 ta ish o‘rni  bilan ishtirok etdi. “Yangi hayot” va unga tutash hududlardan  455 nafar fuqaro taklif etildi.  Tadbir samarasi o‘laroq shu kuni 109 nafar kishiga ishga joylashishlari uchun yo‘llanma berildi. Bundan tashqari xokim yordamchilari tomonidan 127 nafar ishsiz fuqarolar bandligi ta’minlanib, shundan 6 nafariga tijorat banklarining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan asbob uskunalar, 19 nafar  xotin-qizlarga o‘z faoliyatini boshlash uchun subsidiya asosida tikuv mashinkalari berildi.

  Shu kunlari mahallaning  muhandislik infratuzilma tarmoqlari bilan ta’minlanish darajasini yaxshilash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida tumandagi korxona tashkilotlar tomonidan hashar tashkil etilib, qishloqning 2 kilometrlik ichki xo‘jalik yo‘llari shag‘allashtirildi. Aholini  ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida 3 km. masofaga ichimlik suvi quvurlari montaj qilindi,  mavjud suv quvurlarida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 4 kilometrlik  tabiiy gaz quvurlari ta’mirlanib, 2 ta tabiiy gaz taqsimlash qurilmalarida sozlash ishlari amalga oshirildi. Gaz ta’minoti og‘ir  hududdagi aholiga 204 dona suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi.

  Aholining  elektr energiyasi ta’minotidagi muammolari o‘rganilib,  359 dona yangi elektr uzatish tarmog‘i tayanchlari o‘rnatildi. Ikkita transformator  va 11 km. elektr energiya tarmog‘i yangilanishi natijasida  iste’molchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi barqarorligi ta’minlandi.

  - Bor-yo‘g‘i ikki-uch kun ichida yetti uxlab tushimizga kirmagan ishlar amalga oshirildi, - deydi mahalla faoli Ravshan Ne’matov. – Albatta, bu o‘zgarishlar qishloqdoshlarimiz kayfiyatini ko‘tarishi bilan birga faol bo‘lishiga ham turtki beradi.

  Hashar kunlari mahalla hududidagi 342ta xonadonda obodonlashtirish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Qariyb 3,5 kilometrlik ichki xo‘jalik ariqlarida qazish va tozalash ishlari amalga oshirildi. Mevali va manzarali daraxtlarga shakl berilib,  hashar tufayli  qishloq   160 tonnadan ortiq qurilish va maishiy chiqindilardan tozalandi. 

  - Hudud aholisining salomatligi, ijtimoiy muammolarini o‘rganish maqsadida 256 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 53 nafarida turli kasalliklar aniqlandi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi jarrohi Bobojon Gʻafforov. – Ularning  35 nafariga tuman, 5 nafariga viloyat tibbiyot muassasalariga davolanishlari uchun  yo‘llanmalar berildi. O‘n nafar bemor bepul dori-darmon bilan ta’minlanib, kunduzga stasionarda davolanishi tavsiya etildi.

  Mahalladagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan 5 nafar fuqaroga tibbiy muassasalarda davolanishi va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishlari uchun mablag‘ ajratildi. Shuningdek, bir   nafar fuqaroga uy-joy ta’miri uchun 20.0 mln. so‘mlik qurilish materiallari yetkazib  berildi, Mahalladagi  ajrim yoqasidagi ikki oila yarashtirilib, ijtimoiy muammolari bartaraf etildi.  “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 15 nafar fuqaroga OTM kontrakt to‘lovlari uchun sertifikatlar topshirildi. Shuningdek,  bir  nafar ayolga oliy ta’lim muassasasiga o‘qishi uchun tavsiyanoma berildi.

  Xulosa o‘rnida ta’kidlash joiz, may oyining so‘nggi haftasi Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi “Yangi hayot” mahallasi hayotida mutlaqo yangi sahifa ochdi. O‘zgarishlar mahallaning o‘z nomiga munosib bo‘lishini ta’minlabgina qolmay,  qishloq ahlining  intilish va shijoatiga ham qanot bo‘layotgan ersa ajab emas.

Temur ESHBOYEV,

(“Xalq so‘zi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер