“Yangi Andijon” gavhari
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Yaqin-yaqingacha Andijon shahrida koʻp qavatli binolar qad rostlasa, odamlar ”Turkiyaliklar quribdi, shekilli”, deyishardi. Goʻyoki, bunday salobatli binolarni bizning quruvchilar qurolmaydigandek…
— Biz barpo etayotgan binolar xorijlik mutaxassislar tomonidan qurilgan binolardan aslo qolishmaydi, — deydi “MARIN BUSINESS TRADE“ MCHJ qurilish muhandisi Bahromjon Umarov. — Faoliyatimiz davomida 16 qavatli turarjoylarni ham qurganmiz. Hozir Andijon shahridagi “Old city” majmuasini barpo etyapmiz. Italiya meʼmorchiligi uslubida qad rostlayotgan majmua 10 ta 15, 16 va 22 qavatli uylardan tarkib topadi. Ularda 1 ming 440 ta oila istiqomat qiladi. 2030-yilda toʻliq qurib bitkazilishi rejalashtirilgan majmuaning shahar ichidagi shahar maqomini olishiga sabab oʻzining suv saqlash inshooti, alohida yoʻnalishdagi gaz quvuri va elektr energiyasi bilan taʼminlaydigan transformatori boʻladi.
Andijon viloyatidagi eng katta loyiha hisoblangan “Yangi Andijon” shahri oʻz atrofiga mamlakatimiz quruvchilari bilan bir qatorda Hindiston va turkiyalik hamkasblarni ham birlashtirdi.
— Har bir bino oʻziga xos xususiyatga ega, — deydi “Bizness-House“ MCHJ XK rahbari Yodgorbek Oʻktambekov. — 4 ming gektar maydonni oʻz ichiga olgan “Yangi Andijon” shahrida biz qurayotgan turarjoy binosi hozirdan “Yangi Andijon” gavhari” nomini oldi. Birinchidan, u shahar markazida joylashgan. Qolaversa, Yevropa hamda sharq meʼmorchiligi uslubi uygʻunligida qad rostladi. Ikkinchidan, alohida sifat belgisiga ega. Bunga eng sifatli xom ashyolardan foydalanilganligi tufayli erishdik.

2018-yilda Qirgʻiziston Respublikasida tashkil topgan ushbu korxona 2019-yildan buyon mamlakatimizda ham oʻz faoliyatini olib bormoqda. Ayni paytda Andijon viloyatida 5 ta loyihani amalga oshirmoqda. Shu kunga qadar viloyat markazidagi 6 ta yirik loyihani foydalanishga topshirgan korxona quruvchilari Alisher Navoiy nomidagi shohkoʻchada qad rostlayotgan “Navoiy siti” turarjoy majmuasida ham ishlamoqda. Bu binoda 700 ta xonadon mavjud boʻlib, turk andozasi asosida barpo etilmoqda. Qurilish ishlari 2022-yilda boshlangan. Joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. Bu yerda nafaqat yashash uchun, balki savdo qilish, transportni joylash, maishiy xizmat koʻrsatish, maʼmuriy idoralar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, dam olish uchun ham qulayliklar barpo etilmoqda.
Bugun Andijon viloyatida qad rostlayotgan binolarni jahon talablariga mos keluvchi loyihalar qatoriga qoʻshish mumkin.
— Arxitektura-shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonamiz bir yilda 10 dan ortiq ijtimoiy soha obyektlari, 10 dan ziyod koʻp qavatli turarjoy binolari, tadbirkorlik obyektlari, xususiy uy-joy loyihalarini tayyorlash quvvatiga ega, — deydi “Andijon Mega Project“ MCHJ rahbari Muhammadjon Boltaboyev. — Oʻn yil mobaynida yuzlab binolarga mualliflik qildik. Ular orasida ijtimoiy obyektlardan tortib aholi turarjoy maskanlarigacha bor. Loyiha hujjatlarini tayyorlayotganda buyurtmachining talab va xohishlariga asoslanamiz.
Korxona tomonidan 2021-yilda 1 milliard soʻmlik loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan boʻlsa, 2023-yilda bu koʻrsatkich 1,8 milliard soʻmni tashkil etdi. Bunga hududda bunyodkorlik ishlarining keng koʻlamda amalga oshirilayotgani, ushbu korxonaga boʻlgan ishonch sabab boʻlmoqda.
Bugun Andijon viloyatida qad rostlayotgan yoki foydalanishga topshirilgan binolarni koʻrib koʻzingiz quvnaydi. Bir-birini takrorlamaydigan bu bunyodkorlik mahsullari kim uchundir boshpana, boshqa birov uchun istiqbolli loyihalarni yuzaga chiqaruvchi maskan sifatida qadrlidir. Ular Andijonning koʻrkiga-koʻrk qoʻshib, uning zamonaviy qiyofasini tamomila yangilamoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring