Yana bir ixtisoslashtirilgan tibbiyot markaziga direktor va uning maslahatchisi tayinlandi

14:07 16 Oktyabr 2020 Jamiyat
1471 0

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyrugʻiga koʻra, vazirlik huzuridagi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining direktori lavozimiga Fozilov Xurshid Gʻayratovich tayinlandi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

U 1976-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan boʻlib, Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining A.N. Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohlik markazi klinik ordinatura hamda aspiranturasida oʻqigan. Yurtimizga qaytgach, ixtisosligi boʻyicha faoliyat yuritgan. Tayinlovdan avval esa 2017-yildan buyon Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali direktori lavozimini egallab kelgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi.

Xurshid Fozilovga aholiga sifatli va xalqaro talablar asosida ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologik tibbiy yordam koʻrsatish, kardiologik kasalliklar profilaktikasi boʻyicha strategiya ishlab chiqish, ularga tashxis qoʻyish va oldini olishda samarali yondashuvlardan unumli foydalanish kabi vazifalar yuklandi. Shuningdek, kardiologiya sohasida yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni kengaytirish, muvaffaqiyatli tajribalar va aniq innovatsion modellarni tatbiq etish, yosh malakali kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish singari vazifalarga ham masʼul etib belgilandi.

Bundan tashqari, ushbu tibbiyot muassasasida direktor lavozimida ishlab kelayotgan Oʻzbekiston Qahramoni, akademik Kurbanov Ravshanbek Davletovich markaz direktorining maslahatchisi lavozimiga oʻtkazildi. U Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi, fan sohasidagi 1-darajali Davlat mukofoti, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi.

Shuningdek, R. Kurbanov antiaritmik taʼsirga ega dori vositasini ishlab chiqishda faol ishtirok etgan, bugungi kunda ushbu preparat MDH hududida keng foydalanilmoqda va boshqa mamlakatlar ham unga qiziqish bildirmoqda. Bundan tashqari, uning faoliyati davomida Oʻzbekiston kardiologlar assotsiatsiyasi Yevropa kardiologlar uyushmasiga aʼzo boʻldi.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda yurak-qon tomir kasalliklari yosharib bormoqda. Ilgari bu kasalliklar asosan qariyalarda uchragan boʻlsa, hozirda 20 yoshli insonlarda ham miokard infarkti, arterial gipertoniya, yurak ritmining oʻtkir buzilishi kabi kasalliklar uchramoqda. Bu esa markaz zimmasidagi masʼuliyatni kuchaytirmoqda. Uning asosiy maqsadi xalqaro standartlar darajasida mamlakatimizning barcha hududlaridagi aholiga malakali kardiologik yordam koʻrsatish, bemorlarni davolash va diagnostika qilishning zamonaviy usullarini sogʻliqni saqlash amaliyotiga tatbiq etishdan iborat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер