Yana 10ga yaqin bemorga javob berilishi kutilmoqda
Oʻzbekistonda koronavirus tashxisi qoʻyilgan bemorlarning yana oʻnga yaqini toʻliq tuzalib, ularga javob berilishi kutilmoqda. Bu haqda Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo Asilova maʼlum qilgan.
“Butun bilimimizni, kuchimizni, mehrimizni berib bemorlarga qarayapmiz. Xudoga shukr, ijobiy natijalar olyapmiz.
Charchayapmiz. Erta-yu kech ishlashga toʻgʻri kelmoqda. Lekin ularning tuzalganini koʻrib, juda ham xursand boʻlyapmiz. Avvalroq, 8 kishi ketgandi, bugun yana 4 kishiga javob berildi. Shu kunlarda yana 10-11 kishini kuzatishni rejalashtiryapmiz. Chunki ularda klinik belgilar yoʻq, desa ham boʻladi. Ular yana tekshiriladi va kasallik chiqmasa, ular ketishi mumkin.
Jamoamiz oʻz ishiga vijdonan yondashib, ahil boʻlib kasallikka qarshi kurashyapti. Hukumatimizga, prezidentimizga rahmat, bizga shunchalik eʼtibor berilyapti, xodimlarga ragʻbatlantirish berilyapti.
Shu bilan birgalikda, hammaga rahmat aytamiz.
Bu sinov oʻtib ketadi. Xudo xohlasa, bularning hammasini yengamiz. Yurtimizda yana tinch, omon kunlar boʻladi, shifokorlarning ham bemorlar oldida, xalqimiz oldida yuzi yorugʻ boʻladi. Shunga astoydil harakat qilamiz”, degan Muhayyo Asilova Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi tomonidan uyushtirilgan vidoyemuloqotda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 15-mart kuni koronavirusdan zararlangan ilk bemor qayd etilgandi. 1-aprel holatiga koʻra mamlakatda virusdan zararlanish holatlari 173 taga yetgan, bemorlarning 12 nafari sogʻaygan va 2 nafari vafot etgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring