Yamanda ocharchilik xavfi kuchaymoqda
BMT xabariga koʻra, Yamanda ocharchilik xavfi yana-da kuchaymoqda. Bu mamlakat oziq-ovqat yetishmasligining “vahimali” bosqichiga qaytmoqda.
Oʻzi shundoq ham besh yildan beri davom etib kelayotgan urushdan sillasi qurigan Yaman xalqi bu yil yana ham jiddiy qiyinchiliklarga duch keldi. Bular qatoriga koronavirus tufayli cheklovlar, chetdan keladigan pul oʻtkazmalarining qisqarishi, chigirtka balosi va xorij davlatlarining yordamining katta miqdorda cheklanishi kabilardir. Shuningdek, oʻzaro urush olib borayotgan tomonlar oʻrtasidagi toʻqnashuvlar soʻnggi haftalarda kuchaygani bois oddiy xalq vakillari halok boʻlmoqda va jarohatlanmoqda.
Yamanda ocharchilik hech qachon rasmiy tarzda eʼlon qilinmagan. BMTning 2018-yil oxirida Yamanda ochlik borasidagi ogohlantirishlaridan keyin bu mamlakatga yordam koʻrsatish harakatlari kuchaydi. Shundan keyin Jahon Oziq-ovqat Dasturi Yaman aholisining 13 million nafariga oziq-ovqat yetkazib bergandi.
“Hozirda amalga oshirilgan barcha yaxshilanishlar xavf ostida turibdi” deydi Jahon Oziq-ovqat Dasturining matbuot kotibi Elizabet Birs.
Hozirda Yamanning iqtisodi va sogʻliqni saqlash tizimidagi inqiroz yuzaga kelganiga qaramay, oziq-ovqat yetkazib berish boʻyicha dunyoning eng katta tashkiloti boʻlgan Jahon Oziq-ovqat Dasturi ham mablagʻ yetishmasligi tufayli bu mamlakatga qilinishi kerak boʻlgan yordam hajmini kamaytirishga majbur.
Jumladan, Yamandagi 2.5 million bolani boqish rejasi avgust oyining oxirida toʻxtatilishi mumkin. Jahon Oziq-ovqat Dasturi allaqachon aprel oyida Yamanning shimoliy qismiga berilayotgan oziq-ovqat yordamini 50 foizga kamaytirgan.
“Yaman aholisi ocharchilik yoqasiga kelib qoldi. Lekin bu hali ocharchilik degani emas. Hali juda ham kech boʻlgani yoʻq” deydi Birs boshqa davlatlarga yordam soʻrab murojaat qilar ekan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring