Yaman koronavirus tufayli ochlikdan eng koʻp aziyat chekadigan mamlakat boʻlishi mumkin
Kambagʻallikka qarshi kurashda dunyoning 90 dan ortiq mamlakatida faoliyat olib boruvchi Oxfam tashkiloti Yaman va Suriyani koronavirus pandemiyasi davrida yuzaga keluvchi ochlikdan eng koʻp aziyat chekadigan mamlakatlar qatoriga kiritdi.
Oxfam bu haqda oʻzining “Ochlik virusi: COVID-19 qanday qilib dunyoda ochlikni keltirib chiqarmoqda?” nomli bayonotida xabar bergan.
Bayonotda aytilishicha, Yaman koronavirus tufayli yuzaga keladigan ochlikdan eng koʻp zarar koʻrishi mumkin boʻlgan mamlakat boʻlib, bu davlatdagi 15.9 million kishi ochlikka duchor boʻlishi mumkin. Bu aholining 53 foizi ovqatsiz qolishi mumkinligini anglatadi.
Shuningdek, ushbu xabarda urushlar Yamanning infratuzilmasiga va oziq-ovqat ishlab chiqarish hamda uni import qilish qobiliyatiga qanday taʼsir oʻtkazgani bayon qilingan.
Fors koʻrfazidagi koronavirus tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy pasayish va neft narxining misli koʻrilmagan darajada tushishi ham Yamanga jiddiy taʼsir oʻtkazdi.
2020-yilning dastlabki toʻrt oyida Yamanga qoʻshni davlatlardan xayriya sifatida keladigan moddiy yordam 80 foizga kamaydi.
Pandemiyadan oldin ham 90 foiz oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan sotib oluvchi Yamanda mart oyida oziq-ovqat importi 43 foizga, aprel oyida esa 39 foizga kamaygan.
Shuningdek, Oxfam xabarida aytilishicha, Yamanda iyun oyida 900 dan ortiq odamning koronavirusga chalingani va 250 dan ortiq oʻlim hollari qayd etilgan.
Lekin Yamanning sogʻliqni saqlash tizimi yaxshi emasligi bois kasallanganlar va oʻlganlar soni bundan koʻp boʻlgani aytilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring