Yalpi majlisda “Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi

11:17 07 Aprel 2026 Siyosat
286 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Senatning 14-yalpi majlisida “Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Mamlakatimizda shaharlarni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, fuqarolarning yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Qonunning asosiy maqsadi aholining yashash sharoitini yaxshilash, seysmik jihatdan xavfli va jismonan eskirgan binolarni bosqichma-bosqich yangilash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda shahar muhitini zamonaviy talablar asosida shakllantirishdan iborat.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish jarayonlari ochiq va shaffof boʻlishi, renovatsiya dasturi jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasiga joylashtirilishi va ommaviy axborot vositalari hamda vakolatli organlarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilib borilishi alohida belgilanmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Shu bilan birga, kompensatsiyaning toʻrt xil shakli nazarda tutilmoqda. Jumladan, kompensatsiya shaharsozlik renovatsiyasi hududidagi yangi yoki boshqa joydagi turar va noturar toifadagi obyektni mulk qilib berish, pul mablagʻlari yoxud kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllar orqali amalga oshiriladi. Kompensatsiya shakli mulkdor va Shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirish direksiyasi oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq ixtiyoriy ravishda tanlanadi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Mulkdorlarga yetkazilgan noqulayliklar uchun kompensatsiya miqdorining oʻn ikki foizi miqdorida bir martalik pul mablagʻlari berilishi belgilanmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Eng muhimi, tenglik va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining huquqlarini himoya qilishning ustuvorligi shaharsozlik renovatsiyasining asosiy tamoyillaridan biri etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, koʻchirish yoki vaqtincha ijaraga chiqish zarurati yuzaga kelganda fuqarolar tayyor hududga, nogironligi boʻlgan shaxslar esa qulay muhitga ega turar joylarga koʻchirilishi nazarda tutilmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Qonunda mulkdorlar huquqlarining ustuvorligi tamoyili belgilanib, davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarda yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar mulkdor foydasiga talqin etilishi kafolatlari mustahkamlanmoqda.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Senat aʼzolari oʻz chiqishlarida eskirgan uy-joy fondini yangilash va aholiga zamonaviy infratuzilma yaratishga qaratilgan mazkur Qonun shaharlarimizning barqaror va rejali rivojlanishini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq soʻzi”

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер