Yakkasaroyda yosh yigitlar boshqaruvidagi “Donel” rusumli transport hamda skuter toʻqnashdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida “Donel” rusumli transport vositasi skuter mototransporti bilan toʻqnashgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, joriy yilning 2-may kuni soat 04:00 larda Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli koʻchasi 8-A uy qarshisida haydovchi 2006-yilda tugʻilgan A.T. boshqaruvidagi “Donel” rusumli transport vositasi va 2007-yilda tugʻilgan J.Q. boshqaruvidagi skuter mototransport vositasi oʻzaro toʻqnashishi oqibatida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan.
Maʼlum qilinishicha, ushbu yoʻl transport hodisasi natijasida skuter mototransport vositasining haydovchisiga shifokorlar tomonidan birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan.
“Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Barcha yoʻl harakati qatnashchilaridan qoidalarga rioya qilishlarini tezlikni belgilangan meʼyorlardan oshirmasliklarini soʻraymiz”, — deyiladi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring