Yaxshidur achchiq haqiqat. Yoxud bir mahalla, ming tashvish

10:03 04 Noyabr 2020 Jamiyat
1991 0

Mabodo, Buxoroda mahalla fuqarolar yigʻinlari joylashgan eski binolar roʻyxati tuzilgudek boʻlsa, bu imorat old qatordan oʻrin olishi muqarrar. Biz Kogon tumani Tuniroq mahalla fuqarolar yigʻini binosini nazarda tutayapmiz.

Qoʻshni Navoiy viloyat Qiziltepa tumaniga chegaradosh mahallada 3400 aholi istiqomat qiladi. Yigʻin binosi oldida uchratganimiz 70 yoshli Toshpoʻlat Safarov shularning biri. Otaxonning aytishicha, choʻpkori bu imorat oʻtgan asrning 50-yillarida qurilgan boʻlib, oʻsha kezlarda xoʻjalik boʻlimi, qishloq ambulatoriyasi uchun boshpana vazifasini oʻtagan.

Eskini yamaguncha esing ketadi, deyishadi. Mahalla raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Shahnoza Rajabovaning bildirishicha, tomdan chakki oʻtadi. Xonalar zax. Shu boisdan elektr isitgich qoʻyilgan qoʻshni xonada koʻplashib oʻtirishga toʻgʻri kelmoqda.

— Hashar yoʻli bilan tomni andava, yaʼni tomsuvoq qilamiz, — deydi u. —Devorlarni oqladik. Koʻrimsiz –da. Harna boʻlganda ham bu xalqning uyi. Ishga kirgan paytimiz bitta kompyuter bor edi. Hozir har birimizda bor. Hududimizda yashovchi bir tadbirkor mahalla uchun yangi bino qurib bermoqchi. Rahbariyatga ham shuni bildirdik.

Sir emas, mahalla odamlar eng koʻp boradigan dargoh. Fuqarolar u yoki bu masalada murojaat qilishadi, oʻz tashvishlarini yengillashtirishda mahallaga tayanishadi. Ammo yigʻin joylashgan binoning abgor holatiga boqib, mahallaning oʻzi madadga muhtojligini koʻrib ularning hafsalasi pir boʻlmaydimi?! Axir, mahalla joylashgan bino oʻzining koʻrkamligi, fayzliligi, ishlash uchun qulay sharoitlarga egaligi, yon-atrofi gulu gulzorligi, obodligi bilan barchamiz uchun namuna vazifasini ham oʻtashi kerak emasmi?! Soha mutasaddilari, deputatlarning tashabbuskorligi qani?!

Viloyatda, jumladan, Kogon tumanida keyingi yillarda oʻz-oʻzini boshqaruv organlari uchun bir qator yangi binolar qurilib, ularning samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilganini eʼtirof etgan holda, Tuniroqda nega bu masalaga eʼtibor qaratilmayotgani kishini ajablantiradi. Balki uning nazardan chetda, chekka hududda joylashgani bunga sabab boʻlayotgandir. Tagʻin bilmadik.

— Hududimizda bolalar bogʻchasi yoʻq, — deydi qishloq keksalaridan biri Abdurasul Doʻstov. — Ikki nevaramizni uydan 7 kilometrcha olisda joylashgan Xoʻjayakshabadagi maktabgacha taʼlim muassasasiga berishimizga toʻgʻri kelmoqda.

Darhaqiqat, Nishovur qishlogʻidagi 25 oʻrinli xususiy maktabgacha taʼlim muassasasini nazarda tutmaganda, hududda maktab yoshigacha boʻlgan jajji oʻgʻil-qizlarni oʻz bagʻriga oladigan maskan yoʻq. Vaholonki, yon-atrofdagi qishloqlarda bogʻcha yoshidagi 250 nafar bola bor.

— Bizda meva-sabzavotchilik, chorvachilik ancha rivojlangan, — deydi Sh. Rajabova. — Ammo qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona yoʻq. Loaqal sutni qayta ishlovchi yoki meva sharbati ishlab chiqaradigan sexlar boʻlganida yangi ish oʻrinlari yaratilar, aholi turmush darajasi ham oshar edi.

Bu — hudud uchun dolzarb masala. Gap shundaki, ish yoʻqligidan uyda oʻtirgan xotin – qizlar, yoshlar bor. Bilamizki, ishsizlik muhtojlikka yoʻl ochadi. 66 ta shunday muhtoj oila muqaddam “Temir daftar”ga kiritilgan edi.

— Shularning 56 tasi tuman hokimligi, sektor rahbarlari bilan hamkorlikdagi ishlar natijasida “Temir daftar”dan chiqarildi, — deydi mahalla mutaxassisi Fazila Jiyanova. — Ularga pandemiya sharoitida davlatimiz tomonidan ham har tomonlama koʻmak koʻrsatildi.

“Temir daftar”dan chiqarildi, deyilgan oilalarning birida boʻldik. Chindan ham xonadonga moddiy yordam koʻrsatilgan.1 sotix yerda issiqxona qurib berilgan. Ammo fikrimizcha, bu xonadonning kambagʻallikdan xalos boʻlganini anglatmaydi. Oila yashab turgan uyni, undagi shart-sharoitlarni birrov koʻrgan kishi buni sezmay qolmaydi. Qolaversa, bir sotixli issiqxonani isitish ham muammo. Chunki hududning tabiiy gaz tarmogʻidan uzilganiga ancha vaqt boʻldi.

Shu bilan birga kambagʻallikdan qutilish oiladagilarning oʻziga ham bogʻliqligini taʼkidlamoqchimiz. Deylik, toʻrt muchasi sogʻlom kishining 20—30 sotix tomorqaga ega boʻla turib, oʻz aravasini oʻzi tortmasa dodingni kimga aytasan?

Binobarin, yerdan oqilona foydalanib, millionlab daromad koʻrayotgan tomorqachilar tajribasi mahallada ommalashtirilsa ayni muddao boʻlardi.

Tuniroqliklarning yana bir tashvishi yoʻl bilan bogʻliq. Ichki yoʻllarni qoʻya turing, tuman markaziga bormoqning oʻzi turgan-bitgan mashaqqat edi. Murojaatlardan soʻng “Kogon – Qiziltepa” yoʻlining anchagina qismi taʼmirlanib, ravon holga keltirildi. Ammo bir qismida ishlar hali oxiriga yetkazilganicha yoʻq. Aholi serqatnov bu yoʻlning tartibga keltirilishidan umidvor.

Tabiiyki, bir mahallaning muammolarini bir zumda hal etib boʻlmaydi. Vaqt, eng muhimi, eʼtibor talab qilinadi. Zero, muammolar odatda, eʼtibordan chetda qolganida urchisa urchiydiki, kamaymaydi. Mutasaddilar masalaning shu jihatini unutishmasin.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер