Yaxshi kitoblar zamon talabidir
Foto: “Xalq soʻzi”
Milliy matbuot markazida “Ishonch” va «Ishonch-Doveriye» gazetalari tahririyati jamoasi tomonidan joriy yilda chop qilingan “Bir soʻz...”, “2021. Fakt va dalillar, mulohaza va munozara, tanqid va tahlil, talqin va xulosalar...”, “Biz hayotdan rozimiz!” kitoblari taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda tahririyat xodimlari, yozuvchi, jurnalistlar, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda soʻnggi yillarda tahririyat tomonidan kitoblar chop etilishi yaxshi anʼanaga aylangani, xususan, “Bir yilga bir nazar”, “Ishonch” aytadiki...», “2020 — millatni ulgʻaytirgan yil” kabi kitoblar tahririyat jamoasining oʻziga xos yillik ijodiy sarhisobi sifatida oʻquvchilarga manzur boʻlgani taʼkidlandi.
“2021. Fakt va dalillar, mulohaza va munozara, tanqid va tahlil, talqin va xulosalar...” nomli kitobda “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye» gazetalarida joriy yilda chop etilgan turli mavzulardagi tanqidiy-tahliliy maqolalar, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari ijrosiga bagʻishlangan materiallar oʻrin olgan.
Hayotiy haqiqatlarni, uning rang-barangliklarini badiiy ifodalash ijodkordan katta kuch va mahoratni, isteʼdodni talab qiladi. Ruhiy holat va kechinmalarni tasvirlash ham anchayin murakkab. Ana shu yoʻlda izlanish, soʻzni soʻzlatishga tashnalik ham bir qismatdir. “Bir soʻz...” deb nomlangan moʻjaz toʻplamga ushbu qismatga doxil qalam ahlining ijod namunalari jamlangan.
“Biz hayotdan rozimiz!” kitobi esa davlatimiz rahbarining oqilona va insonparvarlikka yoʻgʻrilgan ezgu tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ayollar daftari” sabab roʻshnolikka erishgan xotin-qizlarning minnatdorlik maktublari asosida tayyorlangan. Maktublarni oʻqigan kitobxonlar bugungi islohotlarning yorqin samaralarini ayollar taqdiridagi oʻzgarishlar misolida koʻradi, mushohada etadi.
Taqdimot soʻngida ishtirokchilarga yangi chop etilgan kitoblardan sovgʻa qilindi.
Rahmatjon BOBOJONOV (“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring