Yaxshi gap eshitish mukofot olganday gap...
Nigora Safarova nafaqat “Paxtaobod” MFYdagi Jarqoʻrgʻon qishlogʻi ahli oʻrtasida, balki Kitob tumanida obroʻ-eʼtibor qozongan ishbilarmon ayol. U 11 sotix issiqxonasida yiliga uch marta hosil olishga erishmoqda. Oʻzining tili bilan aytganda, “shaffof gumbaz2 ostidan dastlabki yili 10 mln. soʻmgacha daromad olgan boʻlsa, bugungi kunga kelib bu miqdor 70 mln. soʻmdan oshmoqda.
– Mahalladoshlar koʻpincha qanday qilib bir yilda issiqxonadan 3-marta hosil olishim haqida soʻrashadi,- deydi Nigora. – Buning hech qanday siri yoʻq, ekinni vaqtida ekib, vaqtida yigʻishtirib olsangiz, keyingi ekin turi uchun zamin yaratsangiz, buni uddalaysiz, deyman ularga. Men doim shunday qilaman. Masalan, yanvar oyida issiqxonamning 9 sotixida bodringning serhosil navini ekib, avgust oyiga qadar hosil olaman. Bu yil daromad 25 mln. soʻmdan oshdi. Bodring oʻrniga darhol rediska, shivit, shavil, piyoz va sarimsoqpiyoz ekib, bozorga chiqaryapmiz. Bundan ham 30 mln. soʻm foyda koʻrdik. Uchinchi ekin sifatida issiqxonamizga manzarali gul koʻchatlari urugʻini sepdik. Unib chiqqan gullarni tuvakchalarga oʻtqazib, ichki bozorga chiqaramiz. Gullar juda xaridorgir, chunki ular turfa xil va turli ranglarda jilolanadi.
Nigora manzarali gul savdosidan kamida 15-17 mln. soʻm daromad topayapti. Shu tariqa u odamlar tiliga tushdi. Kelib-ketuvchilar, soʻrab-surishtiruvchilar koʻpaydi. Shuning uchun ham Nigora “Paxtaobod” MFYdagi uyda oʻtirgan, ishsiz va hunarsiz ayollarni toʻplab, issiqxonasida “master klass” oʻtkazdi. Rosmona oʻqituvchi kabi ularga saboq berdi, oʻzining bor sir- asrorlarini puxta oʻrgatdi.
Bu ishda unga OʻzLiDeP Kitob tuman Kengashi “Ayollar qanoti” faoli Gullola Kenjayeva “Har bir oila – tadbirkor” dasturida belgilab berilgan vazifalar yuzasidan koʻmak berdi. Ayniqsa, xotin-qizlarga tomorqasidan unumli foydalanayotganlarga imtiyozli va kam foizli kredit ajratilishi haqidagi tavsiyalar hammaga juda maʼqul keldi.
Harakatda barokat, deganlaridek, Nigora mehnatsevarligi va tinib-tinchimasligi tufayli tomorqasini daromad manbaiga aylantirmoqda. Daromadi hisobidan hashamatli uy solib, yangi avtomobil xarid qilgani, toʻy-tantanalar oʻtkazganini odamlar davralarda gapirib yurishibdi. Chindan ham yaxshi gap eshitish mukofot olganday gap...
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring