Yaypan shaharchasidagi “Nuroniylar maskani” koʻrkam koʻrinishga keltirildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Ezgu tashabbusga koʻra, ayni paytda Fargʻona viloyati shahar-tumanlarida milliy va zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida barpo etilgan “Nuroniylar maskani” faoliyat koʻrsatmoqda.
Yaqinda Oʻzbekiston tumani markazi – Yaypan shaharchasida ana shunday maskanlardan biri foydalanishga topshirildi. Bu yerda kutubxona, otalar choyxonasi tashkil etildi. Maʼnaviyat, tibbiyot xonasi, sport- sogʻlomlashtirish zali kerakli jihozlar bilan taʼminlandi. Bino atrofida keng koʻlamli obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, mevali va manzarali daraxtlar hamda gullar ekildi. Shu tariqa hududda ozoda va orasta xiyobon yaratildi.
— “Tashabbusli byudjet” loyihasining joriy yil birinchi mavsumida bundan deyarli chorak asr oldin qurilgan ushbu binoni mukammal taʼmirlash tashabbusi ilgari surildi hamda keng jamoatchilik faolligida eng koʻp ovoz bilan gʻolib boʻldi, — deydi “Nuroniy” jamgʻarmasining Oʻzbekiston tuman boʻlimi raisi Noʻmonjon Kenjayev. — Loyiha doirasida ajratilgan mablagʻ hamda tuman hokimligining qoʻllab-quvvatlashi tufayli maskan obod va koʻrkam koʻrinishga keltirildi. Buning uchun 1 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi.
Hozirgi kunda muhtasham bino va xiyobon nuroniylarimizning sevimli maskani. Bir piyola choy ustidagi dorilamon kunlar shukronasi suhbatlari, sport musobaqalari davraga oʻzgacha fayz baxsh etadi.
Shuningdek, bu yerda kitob mutolaasi, tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun ham qulayliklar muhayyo etilgan.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring