Virtual iftorlik va qoidaga rioya etmagan ziyoratchi. Pandemiya paytida muqaddas Ramazon oyi qanday oʻtkaziladi?
Dunyo boʻyicha Ramazon 23 yoki 24-aprelda boshlanadi. Koronavirus pandemiyasi paytiga toʻgʻri kelgan ushbu muqaddas oyda jahonning koʻplab mamlakatlarida masjidlarda ommaviy ibodat qilish va katta iftorlar cheklanishining ehtimoli katta.
Biroq Buyuk Britaniyadagi musulmonlar buning yoʻlini topishgan koʻrinishadi. “Ramazon chodiri“ deb nom olgan mashhur mahalliy loyihada oʻtgan yillarda Londonning qaysidir taniqli joyi, masalan, Trafalgar maydonida jamoaviy iftor tashkil etilardi. Loyiha ishtirokchilari chodirlarni tikib, xohlovchilarni iftorlikka qoʻshilishlarini taklif qilib kelishardi.
Joriy yilda loyiha mualliflari formatni pandemiya vaziyatiga moslashtirib, virtual iftorlik oʻtkazishga qaror qilishdi. Moʻminlarga retseptlar, foydali maslahatlar va bolalar uchun stol usti oʻyinlari solingan bukletlarni ham yuborishga qaror qilindi. Musulmonlar esa Zoom ilovasi orqali videokonferensiya yordamida yigʻilishadi.
Bunday ezgu amallar ro'za yakuniga qadar olib boriladi.
Ramazon davrida Makka va Madina shaharlariga borib, Haj amallari bajariladi. Biroq bu safar “tojdor virus“ tufayli Saudiya Arabistonining ushbu muqaddas joylari ziyoratchilar uchun yopilgan.
Yaqinda mazkur qadamjolardan qaytgan insonlar esa oʻzlarini izolyatsiya qilishga intilishyapti.
Biroq Qirgʻizistonda ziyoratdan qaytganlarning bir guruhi nafaqat yaqinlari bilan aloqalarni cheklashmagani, balki doʻstlari va qarindoshlarini shu munosabat bilan yozilgan dasturxonga taklif qilgani tufayli kelib chiqqan noxush holat haqida xabar tarqaldi, deb yozadi Akipress.org manbasi.
Aslida odatga koʻra Hajdan keyin ziyoratdan qaytilgani sharafiga dasturxon yoziladi. Biroq pandemiya paytida bunday tadbirlarni keyinga qoldirish maqsadga muvofiq.
Gap shundaki, Qirgʻizistonda ana shunday ziyoratchilardan biri oʻzini-oʻzi chegaralash qoidalariga rioya etmay, 150dan ortiq kishiga xudoyi qilib bergan. Shundan soʻng mezbon koronavirusga chalingani aniqlandi. Oqibatda bir necha nafar mehmon, shu jumladan, mahalliy shifoxona vrachi ham ushbu infeksiyani yuqtirib olgani maʼlum boʻldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring