Virtual front qurbonlari
Texnologik taraqqiyot bashariyatga misli koʻrilmagan imkoniyat va qulayliklar taqdim etgani rost. Lekin har nening ham oʻz soyasi boʻlgani kabi raqamli qulayliklar ham ijtimoiy illatlarni hayotimizga olib kirmoqda, aniqrogʻi, oʻzimiz olib kirmoqdamiz. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, keyingi vaqtda transportda, istirohat bogʻida, oilaviy davralar, hatto, toʻy bazmlarida ham kishini chuqur oʻyga toldiruvchi bir xil manzaraga duch kelyapmiz. Bu – oʻnlab yoshlar, aksariyat maktab oʻquvchilarining dunyoni unutganicha telefonning zangori ekraniga “mixlanib” qolayotganidir.
Ularning vujudini yonimizda qoldirib, xayol va ruhiyatini yonimizdan olib ketgan “PUBG Mobile” deb ataluvchi, millionlab odamlarni oʻz domiga gʻarq qilayozgan virtual olamdir. Taassufki, bu virtual olamdagi frontning asiriga aylangan yoshlar bir muddat oʻtgach, oʻsha frontning qurboniga aylanmoqda.
– 2025-yil kuzining ilk kunlari Pokistondan tarqalgan xabar koʻpchilikni hayratga solishi bilan birga hushyorlikka chaqirgan edi, – deydi Nurafshon shahri Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi bosh mutaxassisi, pedagog Fotima Toʻxtanazarova. – Tarqatilgan rasmiy axborotlarga koʻra, 14 yoshli Ali ismli pokistonlik “PUBG”da bir necha kun davomida xonada qamalib olib oʻyin oʻynaydi. Onasining doimiy tanbehlari va “PUBG”dagi navbatdagi magʻlubiyat unga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bunday pallada oʻsmir yigit qurolni qoʻlga olib onasini, akasi va ikki singlisini otib tashlaydi. Sud bolani butun umrlik muddatga hukm qildi. Oʻlim jazosidan uni faqat yoshi qutqardi – qotillik paytida u atigi 14 yoshda edi!..
Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: Nima uchun aynan “PUBG” yoshlar ongini bu qadar tez egallaydi?
Ruhshunoslarning fikricha, bu oʻyin inson miyasidagi “mukofotlash tizimi”ni mahorat bilan boshqaradi. Har bir otilgan aniq oʻq, har bir topilgan virtual qurol yoki har bir gʻalaba uchun beriladigan “Winner Chicken Dinner” unvoni miyada dofamin – zavqlanish gormonining keskin ortishiga sabab boʻlishi mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan. Bola hayotda erisha olmagan eʼtirofni virtual frontda osonlik bilan topmoqda. Maktabda oʻzlashtirishi sust, bahosi past, tengdoshlari orasida obroʻsi boʻlmagan oʻsmir “PUBG” olamida “professional jangchi”ga aylanadi. Bu illyuziya shu qadar kuchliki, vaqt oʻtishi bilan bola real hayotdagi qiyinchiliklardan qochib, faqat oʻsha virtual hududda yashashni istay boshlaydi. Bu esa narkotik yoki alkogol qaramligidan kam boʻlmagan ruhiy bogʻliqlikni keltirib chiqarmoqda.
Statistik maʼlumotlar “PUBG” oʻyinchisi kuniga 4 soatdan 8 soatgacha vaqtini virtual olamda oʻtkazayotganini koʻrsatadi. Agar bu vaqt boshqacha aytilsa, oʻsmir yoshligining eng unumdor vaqtini, ilm egallashi va jismonan chiniqishi kerak boʻlgan yillarining deyarli yarmini havoga sovurmoqda.
Deylik, kuniga 5 soat oʻyin oʻynaydigan bola 1-yilda 1825 soatini virtual jangda olishuv uchun sarflaydi. Bu vaqt ichida ikkita xorijiy tilni mukammal oʻrganish yoki bitta hunarning yetuk ustasi boʻlishi mumkin.
“PUBG” nafaqat vaqt oʻgʻrisi, balki salomatlik kushandasi hamdir. Doimiy ravishda egilgan holda telefonga tikilish umurtqa pogʻonasining jiddiy qiyshayishi (skolioz) yoki boʻyin umurtqalari osteoxondroziga olib keladi. Koʻz nurining erta pasayishi esa hozirgi avlodning umumiy muammosiga aylanib ulgurdi. Achinarlisi, ruhiyatdagi oʻzgarishlardir.
– Oʻyindagi doimiy agressiya, otishma va oʻldirish sahnalari bolaning his-tuygʻularini oʻldiradi, – deydi Oʻrta Chirchiq tumanidagi 49-umumiy oʻrta taʼlim maktabi psixologi Zohida Ibodova. – U hayotda ham muammolarini jahl yoki kuch bilan hal qilishga moyil boʻlib qoladi. Magʻlubiyatga uchraganida esa telefonini yerga urib sindirish, ota-onasiga baqirish, oʻyindan chalgʻitgan yaqinlarini dushman deb bilish – bularning barchasi ogʻir ruhiy buzilishning ilk belgilaridir. Bu esa bolaning ruhan sogʻlom ulgʻayishiga toʻsqinlik qiluvchi omil hisoblanadi.
Oʻyin ichidagi xaridlar, yaʼni “skin” – virtual kiyim va qurol-yarogʻ uchun virtual front askarlari boʻlgan yoshlar hamyonidagi pullarini sarflamoqda. Ota-onaning mashaqqat bilan topgan mablagʻini bu kabi hech qanday moddiy qiymatga ega boʻlmagan “piskel”lar uchun sarflash iqtisodiy isrof bilan birga maʼnaviy qashshoqlikning boshlangʻich belgilari hamdir. Afsuslanarlisi, oʻyin uchun pul topish maqsadida bu azamat jangchilar ota-onasining plastik kartalaridan yashirincha pul yechib olayotgani haqidagi xabarlar ham eshitilmoqda.
Muloqotga asoslangan oʻyin, deya talqin qilinuvchi bu virtual oʻyin jamiyatda oʻzaro mehr-oqibat rishtalarining darz ketishi va odamovi, ekran ortiga yashiringan odamlarning voyaga yetishiga sabab boʻlmoqda. Ehtimol, nuqsonni faqat “aqlli matoh” ichidagi virtual dunyodan emas, ota-ona hamda pedagoglardan ham qidirish kerakdir va bu adolatdan boʻlar. Darhaqiqat, virtual oʻyinlarning bu qadar ommalashgani maʼnaviy-tarbiyaviy boʻshliqning oqibati ekanligi ayon. Agar bola oila yoki taʼlim muassasasida yetarlicha eʼtibor koʻrmasa, u gʻamxoʻrlikni virtual olamdan izlaydi. Agar unda kitobxonlik, sport yoki biror hunarga ishtiyoq shakllantirilmas ekan, bola oʻz hayotini virtual jang maydonlarida qurbon qilaveradi.
Hayot – oʻyin emas. Uni birgina “Restart” tugmasini bosish orqali qaytadan boshlab boʻlmaydi. Bolaning qoʻlidan telefonni tortib olish yagona maqbul yechim boʻlmagani kabi, uni oʻz holicha tashlab qoʻyish ham chora boʻla olmaydi. Demak, muhtaram ota-ona va moʻtabar muallimlar farzand tarbiyasida hamkorlik va hamfikrlilikni mahkam tutishlari lozim. Toki, ertangi kun egalari va kelajak bunyodkorlari boʻlgan yosh avlod vakillarining umri raqamli dunyoda xazon boʻlmasin. Toki, yangi nasllar virtual front qurbonlariga aylanmasinlar!
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida
- Zakirov Farrux Karimovichni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida
- Oʻzbekiston xalq artisti Farrux Zokirov sharaflandi
- Polsha bilan ikkinchi jahon urushi tarixi boʻyicha hamkorlik kengaytiriladi
- Eronda internet uzilishi 47 kundan beri davom etmoqda
- WSJ: Yevropa AQSHning NATOdan ehtimoliy chiqishiga qarshi zaxira mudofaa rejasini ishlab chiqmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring