Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasida raqamlashtirish holati yuzasidan vazifalar ijrosi tekshirildi
Respublikamizda davlat organlari va tashkilotlarida raqamli texnologiyalardan keng va samarali foydalanishni tashkil etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan “Raqamli hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, sunʼiy intellekt hamda raqamli texnologiyalarni joriy etish, shu jumladan “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida qator imkoniyatlar yaratilmoqda. Mazkur sohalarni tartibga solish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, bir qator vazifalar belgilangan.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 21-noyabrdagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar va idoralarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, axborot va kiberxavfsizlikni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda joriy etish va rivojlantirish holati ustidan nazorat, monitoring olib borish, uni oʻrganish hamda tekshirish jarayonida “Oʻzkomnazorat” Inspeksiyasi faol ishtirok etishi belgilangan.
Bu borada joriy yilning 27-sentyabr — 16-oktyabr kunlari “Oʻzkomnazorat” Inspeksiyasi tomonidan qator davlat organlari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasida “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida raqamli rivojlanish holati, raqamlashtirishning reyting baholash natijalari, axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari holati, interaktiv davlat xizmatlarining koʻrsatilishi holati, axborot xavfsizligini taʼminlash va takomillashtirish yuzasidan qabul qilingan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar talablarining ijrosi tekshirildi.
Tekshiruv jarayonida qoʻmita faoliyatida aniqlangan kamchiliklar boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirildi. Taʼkidlash joizki, aniqlangan kamchiliklarning bartaraf etilishi xizmatlar sifatini oshirib, sohaga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi.
Saidaziz ABDUAZIMOV,
“Oʻzkomnazorat” Inspeksiyasining Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida IT-texnologiyalarni joriy etilishini nazorat qilish boʻlimi bosh mutaxassisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring