“Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartishlar kiritilmoqda
Joriy yil 24-fevral kuni Senatning Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi ishchi guruhining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda senatorlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari vakillari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishda “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va 2022-yil 31-martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Taʼkidlanishicha, Qonun bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti sifatida qayta tashkil etilganligi bois “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasiga tegishli tuzatish kiritilmoqda.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyati ustidan vakolatli organlar tomonidan oʻtkaziladigan barcha nazorat tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilini xabardor qilgan holda oʻtkazilishi belgilanganligi munosabati bilan “Veterinariya toʻgʻrisida”gi Qonunning 13-moddasidagi “moneliksiz” degan soʻz “belgilangan tartibda” soʻzlari bilan almashtirilmoqda. Bu bilan bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari va davlat veterinariya inspektorlari davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi obyektlarga moneliksiz kirish emas, balki belgilangan tartibda kirish vakolatiga ega ekanligi belgilanmoqda.
Muhokama mobaynida ishtirokchilar tomonidan Qonun yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring